Yer atmosferasining ifloslanishi rekord darajaga yetdi
Vaziyat tez sur’atda yomonlashmoqda. Mutaxassislar bu sayyora uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirdi.
Yer atmosferasini ifloslantiruvchi va sayyoramiz isishiga sabab bo‘luvchi moddalarning konsentratsiyasi 2023 yil yakunida rekord darajaga yetgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) xabar bermoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yerda karbonat angidrid gazi juda tez to‘planib bormoqda. Masalan, so‘nggi 20 yil ichida bu moddaning havodagi miqdori 11 foizdan ham ko‘proqqa oshgan. Ilgari bunday ko‘rsatkichlar kuzatilmagan edi. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, atmosferadagi karbonat angidridning o‘rtacha konsentratsiyasi har millionta havo zarrachasiga 420 taga yetgan. Bunday ko‘rsatkichlar oxirgi marta bir necha million yil oldin kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda Yerdagi o‘rtacha harorat bir necha daraja yuqori edi.
Hozirgi kunda ifloslanish darajasi sanoat inqilobidan oldingi davrga nisbatan 51 foizga yuqori. JMT ma’lumotlariga ko‘ra, vaziyat asosan qazib olinadigan yoqilg‘ining uzluksiz va shiddatli yondirilishi tufayli yomonlashmoqda. Bundan tashqari, katta o‘rmon yong‘inlari ham atmosferaga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, olimlarning fikricha, daraxtlarning karbonat angidrid yutish qobiliyati pasayib ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar qisqa muddatli ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi ham oshayotganini aniqladi. Masalan, metan ko‘rsatkichi milliard havo zarrachasida 1934 tani tashkil etadi — bu sanoatlashishdan oldingi davrga nisbatan 165 foizga ko‘p. Azot oksidi miqdori ham oshib bormoqda — milliard zarrachada 336,9 ta, bu insonlar qazilma yoqilg‘ilardan foydalanishdan oldingi davrlarga nisbatan chorak barobar yuqori.
Mutaxassislar vaziyat insonlar hayoti uchun xavfli ekanini ta’kidlamoqda. “Biz Parij bitimining global isishni sanoat davrigacha bo‘lgan darajadan pastroqqa — 1,5 darajaga yaqinlashtirishga urinish borasidagi maqsadlarimizga erishadigan holatda emasmiz”, — deb ta’kidladi JMT.
Mavzuga oid
16:36 / 13.12.2024
Havoning ifloslanishi odamlarda depressiyani oshiradi - tadqiqot
21:15 / 10.12.2024
Real tahdid: Yer yuzasining 40 foizini qurg‘oqchilik qamrab oldi
14:42 / 05.12.2024
Ifloslangan shahar havosi saraton keltirib chiqarishi aniqlandi
21:30 / 23.11.2024