FT: RF va Kiyev energoobektlarga hujumlarni to‘xtatishni muhokama qilmoqda
Urishayotgan tomonlar vakillari energetika infratuzilmasi obektlariga o‘zaro hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha maslahatlashuvlar bosqichida, deb yozadi Financial Times gazetasi manbalarga tayanib. Qatar vositachi sifatida harakat qilmoqda.
Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasining, jumladan «yuqori martabali Ukraina rasmiylari» ichidagi xabardor manbalariga ko‘ra, Ukraina va Rossiya tomonlarning energetika infratuzilmasiga o‘zaro hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib bormoqda. «Kiyev Qatar vositachiligida avgust oyida kelishuvga erishgan, biroq Ukrainaning Kursk oblastiga bostirib kirishi tufayli to‘xtab qolgan muzokaralarni qayta boshlashga intilyapti», — deyiladi gazeta 29 oktyabr, seshanba kuni chop etgan maqolada.
FT muzokaralar bilan tanish diplomatning so‘zlariga tayanib, bu bosqichda «biror narsani qayta boshlash mumkin bo‘lgan juda erta muzokaralar» haqida gap ketayotganini aniqlashtirdi. «Kelishuv Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishga buyruq berganidan beri urush keskinligi jiddiy pasayganini anglatadi», deb yozadi Financial Times. FT suhbatdoshlari Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastida bo‘lishda davom etar ekan, Moskva bunday kelishuvga rozi bo‘lmasligini taxmin qilishdi. Gazetaning yozishicha, ayni damda UQK qariyb 600 kvadrat kilometr Rossiya hududini nazorat qilmoqda.
Qatar iyun oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tashabbusi bilan Shveytsariyada tinchlik sammiti o‘tkazilgandan so‘ng bu muzokaralarda vositachi sifatida ishlay boshladi, deb yozadi Financial Times.
Ukraina prezidenti energoobektlarga hujumlar o‘zaro to‘xtashini deeskalatsiya sari qadam deb atadi
Energetika infratuzilmasiga hujumlarni o‘zaro to‘xtatish Rossiya Federatsiyasi bilan harbiy harakatlarni tugatish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Financial Times nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirgan hujumlarini izohlar ekan, Zelenskiy Moskva va Kiyev o‘rtasida energiya infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv mojaro deeskalatsiyasi yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.
«Biz birinchi [tinchlik] sammitida energetika xavfsizligiga yechim topish mumkinligini ko‘rdik. Boshqacha qilib aytganda: biz ularning energetika infratuzilmasiga hujum qilmayapmiz, ular biznikiga ham hujum qilishmaydi. Bu urushning qaynoq bosqichining tugashiga olib kelishi mumkinmi? Men shunday deb o‘ylayman», — dedi davlat rahbari.
Zelenskiy shuningdek, Kiyev G‘arb hamkorlari bilan Ukrainaga yo‘qotilgan hududlardan voz kechib, NATOga a’zo bo‘lish imkonini beradigan «tinchlik uchun yer» potensial kelishuvini muhokama qilmayotganini ta’kidladi.
«Shubhasiz, ba’zi hamkorlar bu haqda o‘ylashlari mumkin. Lekin ular bu haqda men orqali emas, balki ommaviy axborot vositalari orqali xabar berishadi. Biz hozir barcha muhokamalarda xavfsizlik kafolatlari masalasini ko‘taramiz va ulardan eng kuchlisi NATOdir», — deya ta’kidladi Ukraina rahbari.
Mavzuga oid
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
09:15
«Mediazona»: RFda urush boshlanganidan beri eng ko‘p o‘t qo‘yish holatlari kuzatilmoqda
08:08
Kiyev RFning muzlatilgan aktivlaridan milliard dollar oldi
10:30 / 24.12.2024