O‘zbekiston | 13:40 / 30.10.2024
1310
2 daqiqa o‘qiladi

Suv resurslarini boshqarish sohasidagi qonunchilikka qo‘shimcha kiritildi

2024 yil 22 oktyabrdagi qonun bilan suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Foto: Kun.uz

Hujjatda qayd etilganidek, quyi bo‘g‘inda suv ta’minoti tashkilotlari va suvdan foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solish bilan suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish zarur. Paxta xomashyosi va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasini qonunchilik darajasida bekor qilish orqali qishloq xo‘jaligini boshqarishda davlatning rolini yanada kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Xususan, "Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunga "Suv yetkazib berish xizmati" davlat muassasalarining vazifalari va vakolatlarini tuzatuvchi, shuningdek qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlarini tuman (shahar) xalq deputatlari kengashlari tasdiqlashini belgilovchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Fermer xo‘jaliklarining davlat ehtiyojlari uchun mahsulot yetkazib berish majburiyati va qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarga suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlar bekor qilinadi. 

Qonun suv resurslarini samarali boshqarish tizimini joriy etish, qishloq xo‘jaligida erkin raqobatni ta’minlash va mahsulot ishlab chiqaruvchilarning manfaatdorligini oshirishga qaratilgan.

Mavzuga oid