Jahon | 10:15 / 02.11.2024
6311
3 daqiqa o‘qiladi

Collins lug‘ati “brat”ni yil so‘zi deb e’lon qildi. Uning ma’nosi nima?

Ushbu so‘z britaniyalik qo‘shiqchi Charli XCX albomidan so‘ng keng ommalashdi.

Foto: AP

O‘ziga ishongan va hayotdan zavq oladigan shaxsni anglatuvchi brat so‘zi Collins lug‘ati tomonidan 2024 yil so‘zi deb e’lon qilindi. U joriy yil ruhini aks ettiruvchi 10 ta so‘z orasidan birinchi o‘rinni egalladi. Ro‘yxatdagi ko‘plab atamalar yoshlar jargoni va ijtimoiy tarmoqlardan kelib chiqqan. Bu haqda lug‘at blogida xabar berildi.

Collins ta’rifiga ko‘ra, brat so‘zi o‘ziga ishongan, yorqin shaxsni ifodalaydi. Bunday shaxs mustaqil va huzur-halovatga yo‘naltirilgan turmush kechiradi. Mazkur so‘z erkinlik, o‘ziga ishonch va o‘z-o‘zini ifodalashning ramziga aylangan, bu esa butun dunyo bo‘ylab odamlarda o‘z aksini topmoqda. Atama britaniyalik qo‘shiqchi Charli XCX albomidan so‘ng keng ommalashdi.

“Bu shunchaki muvaffaqiyatli albom emas, balki butun dunyo bo‘ylab odamlar tomonidan e’tirof etilgan madaniy hodisa, brat summer esa o‘ziga xos estetika va turmush tarziga aylandi”, — deb ta’kidladi lug‘at tuzuvchilar.

Top o‘ntalikka era (Taylor Sviftning Eras safaridan ilhomlangan) va TikTok’da mashhurlikka erishgan yapping (ortiqcha safsata) kabi ommabop atamalar ham kirdi. Trenddagi so‘zlar orasida, chiroyli ko‘rinishga intilish ma’nosini anglatuvchi looksmaxxing va delulu (delusional so‘zidan qisqartma – “haqiqatdan uzilib qolgan” ma’nosini beradi) ham bor.

Ro‘yxatga brainrot so‘zi ham kiritilgan — bu haddan tashqari ko‘p memlar va boshqa “bir soatdan keyin unutiladigan” kontentni iste’mol qilish natijasida paydo bo‘ladigan ong xiralashuvini ifodalaydi.

Collins boshqaruvchi direktori Aleks Bikroft ta’kidlashicha, ro‘yxatning shakllanishiga Z va Alfa avlodlari vakillari katta ta’sir ko‘rsatgan.

Collins English Dictionary — Harper Collins nashriyoti tomonidan nashr etiladigan ingliz tili izohli lug‘ati. Tahririyat har yili noyabrda “Yil so‘zi”ni e’lon qiladi. 2020 yilda “lokdaun”, 2023 yilda esa “sun’iy idrok” yil so‘zi deb topilgandi.

Mavzuga oid