O‘zbekiston | 18:10 / 04.11.2024
5447
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda tog‘ echkisini ovlagan brakoner ushlandi

Tabiatga yetkazilgan zarar 17 mln so‘mga baholangan. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.

Foto: Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi

Bo‘stonliq tumanida tog‘ echkisini ovlagan shaxs ushlandi. Bu haqda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan Bo‘stonliq tumani Burchmullo davlat O‘rmon xo‘jaligi Pskom bo‘limi Qorong‘i To‘qay hududida reyd tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbir davomida 1989 yilda Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan fuqaro T.B. hech qanday ruxsatnomasiz o‘ziga tegishli bo‘lgan ov quroli yordamida 1 bosh tog‘ echkisini ovlaganligi aniqlangan. U bu qilmishi orqali tabiatga 16 mln 875 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 3-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Tegishli hujjatlar sudga yuborilgan. Ov quroli esa saqlash uchun Bo‘stonliq tumani IIBga topshirilgan.

Oldinroq Qoraqalpog‘istonda Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mavzuga oid