Fan-texnika | 11:59 / 05.11.2024
9143
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi

Katta Farg‘ona kanalidan dzihunia urug‘iga mansub yangi yalangbaliq turi aniqlangan. Hozirgacha O‘zbekiston suv havzalarida yalangbaliqlarning 14 turi qayd etilgan va ularning deyarli barchasi mintaqa endemik turlari hisoblanadi.

Foto: Zootaxa

Farg‘ona davlat universiteti zoolog olimlari Farg‘ona vodiysi suv havzalaridan fan uchun yangi bo‘lgan yalangbaliq turini aniqladi. Bu haqda Zootaxa jurnalida e’lon qilingan.

Dzihunia urug‘iga mansub yangi yalangbaliq Katta Farg‘ona kanalidan topilgan va unga dzihunia pseudoamudarjensis deb nom berilgan. Bu haqda tadqiqotchilar guruhi rahbari biolog-ixtiolog olim Baxtiyor Sheraliyev ma’lum qildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududidagi daryolar yopiq suv havzasi hisoblanadi. Shu sababdan bu yerda hayvonot olami boshqa mintaqalardan alohidalanib qolgan va o‘ziga xos tadrijiy yo‘nalishda rivojlangan. Hozirgacha O‘zbekiston suv havzalarida yalangbaliqlarning 14 turi qayd etilgan va ularning deyarli barchasi mintaqa endemik turlari hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, bungacha Farg‘ona davlat universiteti ixtiolog olimlari tomonidan O‘zbekistonning Qirg‘iziston ichidagi eksklav hududlari hisoblangan Shohimardon va So‘x tumanidan triplophysa ferganaensis va triplophysa daryoae kabi yangi baliq turlari kashf etilgan edi.

Mavzuga oid