Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
Tadqiqotlar 2010 yildan beri Xitoyda 5-14 yoshli bolalar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish soni besh baravardan ko‘proq oshganini ko‘rsatmoqda.
Xitoy iqtisodiyoti sekinlashmoqda. Shaharda yashovchi har besh nafar yoshdan biri ish topa olmayapti, deyiladi Forbes maqolasida. Ko‘chmas mulk narxi haddan ziyod yuqoriligi sababli odamlar uy-joy sotib olish va oila qurish umididan mahrum bo‘lmoqda.
Xitoyliklar bolalikdanoq shiddatli raqobatga duch keladi: yaxshi ish topish uchun katta shaharga ko‘chish zarur, ichki migratsiya cheklovlari qattiq bo‘lgan sharoitda esa buning uchun nufuzli universitetni tamomlash kerak. O‘z navbatida, oliy ta’limga kirish uchun bir nechta imtihondan o‘tish talab etiladi. 15 yoshdagi o‘smirlar test sinovidan o‘tadi. Natijalariga qarab ularning yarmiga yuqori sinflarda o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi, qolgan yarmiga esa ta’lim olish yo‘li butunlay yopiladi. Omadi kelganlarni oldinda oliy o‘quv yurtiga kirish uchun yanada murakkab imtihon kutib turadi.
Shu tariqa zamonaviy xitoylikning deyarli butun hayoti 15-18 yoshgacha tirishqoqlik bilan o‘qish orqali shakllanadi. Bunday tizimning samaradorligiga ko‘pchilikda shubha yo‘q —muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlik faqatgina o‘smir va uning oilasi zimmasiga yuklanadi. Ko‘plab ota-onalar repetitor yollab, bolalarining bo‘sh vaqtini o‘yinlarga emas, balki nufuzli mashg‘ulotlarga sarflashga intiladi. Masalan, shaxmat o‘ynash yoki skripka chalish singari.
Xitoy hukumati repetitorlikni taqiqlashga uringan bo‘lsa-da, bozor hajmining qisqarishi narxlarning ko‘tarilishiga olib keldi, xolos: hozirgi kunda Shanhay va Pekinda eng zo‘r o‘qituvchilarning bir soatlik darsi 400 dollargacha yetmoqda. Qo‘shimcha mashg‘ulotlarga imkoni yetmaydigan kam ta’minlangan oilalarning farzandlari esa yanada tirishqoqlik bilan o‘qishga majbur bo‘lmoqda.
Ota-onalarga ham oson emas. Shaharda yashovchi o‘rtacha oila farzandidan tashqari, keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilishga majbur. Qishloq joylarda yana bir muammo: xitoyliklarning 11 foizi mablag‘ yetishmasligi sababli shaharga ishlashga ketadi, lekin propiska tizimi tufayli farzandini o‘zi bilan olib ketolmaydi.
Qishloqda qolganlar ham bolalarini ko‘rmaydi. 2000-2015 yillarda mamlakatda ta’lim muassasalari optimallashtirildi va 300 mingga yaqin qishloq maktablari yopildi. Natijada, boshlang‘ich maktabning har sakkizinchi o‘quvchisi va o‘rta maktabning har ikkinchi o‘quvchisi internatda, ba’zida esa uydan ancha uzoqda ta’lim olishga majbur bo‘lmoqda. Shu sababli xitoylik dehqonlar maktabga bergunicha birga yashagan farzandini o‘qitish uchun kecha-yu kunduz mehnat qiladi: internatdan so‘ng bola universitetga ketadi va umrbod shaharda qoladi.
1979—2016 yillarda Xitoy fuqarolariga faqat bitta farzand ko‘rishga ruxsat berilgani sababli, aksariyat zamonaviy maktab o‘quvchilarining aka-uka va opa-singillari, hatto amakivachchalari ham yo‘q. Yosh xitoyliklarga o‘yin o‘ynash shunchaki man etilmagan, balki ular bilan o‘ynaydigan odam yo‘q. Tadqiqotlar o‘yinlardan mahrum bo‘lib, vaqtini faqat o‘qishga bag‘ishlagan bolalarda xavotir va tushkunlik holatlari keskin ortishini ko‘rsatgan. 2010 yildan beri Xitoyda 5-14 yoshli bolalar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish soni besh baravardan ko‘proq oshdi. 2018 yilda katta yoshli xitoyliklarning 35 foizi depressiv holat haqida xabar bergan. Qishloq joylarda va ayollar orasida bu ko‘rsatkich bir yarim barobar yuqori.
Mavzuga oid
11:25
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
21:44 / 22.12.2024
Xitoyda dunyodagi eng katta suvosti tunnelining qurilishi yakunlandi
17:13 / 20.12.2024
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining boshlanish sanasi ma’lum bo‘ldi
12:46 / 20.12.2024