O‘zbekiston | 14:24 / 06.11.2024
22398
6 daqiqa o‘qiladi

“Nega ustimizdan kulishyapti?” – fizika o‘qituvchilari attestatsiya imtihonidan norozi

Pedagoglar oktyabr oxirida o‘tgan attestatsiya testidan juda past ball olgan. Savollar murakkab tuzilgani va ular tasdiqlangan adabiyotlardan emas, balki boshqa manbalardan tarjima qilingani aytilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa buni rad etmoqda.

Bir guruh fizika fani o‘qituvchilari 31 oktyabrda o‘tkazilgan attestatsiya imtihonida tushgan savollardan norozi bo‘lib, Kun.uz'ga murojaat qildi. Turli hududlardan tahririyatga yozgan pedagoglar bu yilgi savollar juda murakkab bo‘lganini, ko‘rsatilgan adabiyotlardan tuzilmaganini aytmoqda.

31 oktabr kuni hamma viloyatlarda fizika fanidan attestatsiya imtihoni bo‘lib o‘tdi. Respublika fizika guruxlar kanalida deyarli hamma fizika fan o‘kituvchilari Maktab vazirligidan norozi. Bizga ko‘rsatilgan adabiyotlardan savollar tuzib, attestatsiya jarayonini kayta o‘tkazib berilishini so‘raymiz”,– deydi shaxsini ochiqlashni istamagan o‘qituvchilardan biri.

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidan murojaat qilgan yana bir o‘qituvchi imtihondan 80 ball olganini, berilgan masalalarda ildizdan chiqarib bo‘lmaydigan irratsional sonlar tushganini aytmoqda.

Biz shuncha narsani o‘qiganimiz uchun qiynalib olgan bo‘lsak, oddiy o‘qituvchilar qanday olishsin? Qani adabiyotlar ro‘yxatidan foydalanilgani, qani maktab darsliklari tipidagi masalalar, qani O‘lmasova, qani G‘aniyev kitoblari tipidagi masalalar?

Masalalarni hisoblashga ancha vaqt ketib qoldi. Ustiga-ustak noqulay, ildizdan chiqmaydigan irratsional sonlar. Keyin juda ko‘p masalada ildizdan chiqmaydigan sonlar tanlangan. Ekranda turgan kalkulyatorda esa ildiz chiqarish funksiyasi yo‘q. Ildiz chiqarish qoidasi ham bor. Ammo bu usul ancha vaqt olib qo‘yadi.

Men ochig‘i bugungi attestatsiya savollaridan qoniqmadim, bahorda topshirganimda bugungidek qiynalmagan edim. Keyin savollar nega chiqib ketgan? Nega korrupsiya urchigan? Nega ustozlarning ustidan kulishyapti? Nega ularni yiqitib mazax qilishyapti? Ularni aybi nima? Nega ularni fanidan sovutyapsizlar?

Axir, ular testdan o‘tolmasa rahbariyati, o‘quvchilarining oldida qanchalik mulzam bo‘lishini, qo‘li ishga bormasligini o‘ylab ko‘rdinglarmi?” – dedi u.

O‘qituvchning qo‘shimcha qilishicha, pedagoglar bunday holat yuzasidan avval ham attestatsiya savollarini tuzuvchilarga so‘rov yuborishgan, ammo javob xati kelmagan.

Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidan yozgan yana bir fizika, matematika o‘qituvchisi esa attestatsiya savollari Eron adabiyotlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinganini bildirdi.

Manba sifatida Eron adabiyotlaridan foydalanilgan va ilmiy xatolar qilingan. Bu nafaqat meni, balki butun fizika fani o‘qituvchilarining muommosi. Shunday manbalardan savol tuzilar ekan, nima uchun bizga shu adabiyotlar ro‘yxati berilmadi? Nostandart savollar tuzilgan. Spetsifikatsiyada bunday adabiyotlar ro‘yxati mavjud emas. Biz qayerga murojaat qilishni bilmay qoldik. Ishonch raqamlariga bog‘lansak, boshqa raqam berishyapti. U raqamga boglanib bo‘lmayapti. Sizlardan shu bo‘yicha bizga attestatsiya jarayonini qayta olinishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz”,– deydi u.

Pedagog dalil sifatida tahririyatga bir qancha skrinlarni taqdim qildi. Suratlarda ingliz tilidagi savol o‘zbek tilidagisida ham takrorlanganini ko‘rish mumkin. Maktab xodimi xuddi shu savol attestatsiyada imtihonida berilganini ma’lum qildi.

 

 

Ba’zi savollarda mazmun ko‘chirilib, raqamlar o‘zgartirilgani ham aytilmoqda.

5-rasm

Fizika fanidan malaka testlari e’lon qilingan spetsifikatsiya asosida tuzilgan” – markaz

Kun.uz vaziyat yuzasidan izoh olish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi savollar Eron adabiyotlaridan olinganini rad etib, fizika fanidan malaka testlari e’lon qilingan spetsifikatsiya asosida tuzilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, taklif etilgan adabiyotlar spetsifikatsiyadagi mazmun sohasini qamrab olgan bo‘lib, ushbu mavzularning nazariy qismini o‘rganish uchun tavsiya etilgan.

Test topshiriqlari adabiyotlardan olinmaydi, shu mavzular yuzasidan tuziladi. Barcha fanlar bo‘yicha berilgan testlar belgilangan vaqt davomida ishlashga mo‘ljallangan, bir necha bor fan mutaxassislari tomonidan vaqtni belgilash maqsadida aprobatsiyadan o‘tkazilgan.

Bunda ba’zi bir test savollarini yechishga ko‘proq vaqt talab qilinib (maksimum 5-6 daqiqa) va bunday turdagi savollar 5 ta ni tashkil etadigan bo‘lsa, boshqa ko‘pgina savollarga javob berish uchun juda qisqa vaqtni (0,5-1 daqiqa) yetarli bo‘lishi inobatga olingan.

Testlarda spetsifikatsiya asosida kognitiv darajalarni baholash nazarda tutilgan: fan yuzasidan bilish, qo‘llash, mulohaza yuritish va tahlil qilish ko‘nikmalarini baholashga oid topshiriqlar berilgan. Ularning taqsimoti ham testologiya qoidalari asosida ishlab chiqilgan.

Bunda bilishga doir 5ta, qo‘llashga 25ta va mulohazaga 5ta savollar berilgan bo‘lib, agar nomzod mulohazaga doir savollarni murakkab yoki ko‘p vaqt talab etilgani sababli yecha olmagan taqdirda ham qolgan 30ta savolga javob berib, 60 ball to‘plash imkoniyatiga ega. Mulohazaga doir savollar Blum taksanomiyasining yuqori darajalaridagi ko‘nikmalarni(21-asr ko‘nikmalari) qamrab olgan bo‘lib, hozirgi kunda hatto o‘quvchilarda ham bu ko‘nikmalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda”,– deyiladi rasmiy izohda.

Shuningdek, markaz imtihondan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘zi bilan uchrashib, har biri bilan individual masalani hal qilishini bildirdi.

Mavzuga oid