Jahon | 09:59 / 08.11.2024
2623
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davlat departamentiga RFni SWIFT'dan uzish g‘oyasi muallifi rahbar bo‘lishi mumkin

Donald Tramp prezidentligida AQShning yangi davlat kotibi senator Marko Rubio bo‘lishi mumkin, u 2014 yilda Rossiya banklarini SWIFT tizimidan uzishni talab qilgan. Shuningdek, Ilon Mask va kichik Kennedi hukumat tarkibiga kirishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.

Foto: AP

Floridalik senator Marko Rubio Donald Tramp davrida AQShning yangi davlat kotibi bo‘lishi mumkin. Bu haqda Amerikaning The Hill va Politico nashrlari 6 va 7 noyabr kunlari AQShdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Trampga yaqin manbalarga tayanib yozishgan.

Rubio 2014 yilda, Rossiya Qrimni qo‘shib olganidan so‘ng, Rossiya banklarini xalqaro SWIFT to‘lov xizmatlari tizimidan uzishga chaqirgan. 2022 yil yanvar oyida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzi boshlanishidan oldin, respublikachi o‘z chaqirig‘ini takrorladi. Bundan tashqari, u Rossiyaning Ukrainaga hujumi sodir bo‘lgan taqdirda Vladimir Putin va Rossiya rahbariyatining bir qator boshqa asosiy vakillariga nisbatan shaxsiy sanksiyalarni joriy etishga chaqirdi. 2022 yil mart oyi boshida Rubio boshqa respublikachi senator Chas Gresli bilan birgalikda Rossiyaning barcha davlat korxonalariga qarshi keng qamrovli sanksiyalar joriy etishni taklif qildi.

Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylanganidan so‘ng Rubio Ukrainadagi urush «boshi berk ko‘chaga kirib qolgani» va unga yakun yasash kerakligini aytdi. Shu bilan birga, u «ukrainaliklar o‘zlarini Rossiya agressiyasidan himoya qilishda nihoyatda jasur va kuchli bo‘lganini» ta’kidladi.

Mask va kichik Kennedi hukumat tarkibiga kiradimi?

Saylovoldi kampaniyasida Trampni faol qo‘llab-quvvatlagan milliarder Ilon Mask saylov natijalari e’lon qilingandan so‘ng Oval kabinetda aks etgan o‘zining fotokollajini e’lon qildi – aftidan, u endi AQSh siyosatida muhim rol o‘ynashiga shama qilgan. 20 avgust kuni Tramp «agar rozi bo‘lsa, ajoyib yigit» Maskka o‘z ma’muriyatida lavozim taklif qilishga tayyorligini aytdi. X ijtimoiy tarmog‘i egasi bunga javoban «xizmat ko‘rsatishga tayyor» ekanligini yozdi va «Hukumat samaradorligi departamenti» yozuvi bilan podium ortida turgani tasvirlangan neyron tarmog‘i tomonidan yaratilgan suratni ilova qildi.

The Hill ehtiyotkorlik bilan «Maskning pozitsiyasi qanday bo‘lishi hali aniq emas», deb yozdi, ammo, aftidan, Tramp immigratsiya, elektromobillar va hukumat tomonidan tartibga solish kabi masalalarda «uni tinglaydi». The New York Times gazetasining xabar berishicha, Mask allaqachon SpaceX xodimlarini davlat lavozimlariga tavsiya qilgan.

Amerika matbuoti hukumat lavozimlariga boshqa nomzodlarni ham keltirdi. Xususan, bu AQSh prezidentligiga mustaqil nomzod bo‘lgan va avgust oyida Tramp foydasiga nomzodini qaytib olgan kichik Robert Kennedi. Tramp kichik Kennediga o‘z ma’muriyatida «sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat va ayollar salomatligi» bilan bog‘liq mas’uliyatli lavozimni ishonib topshirishni xohlashini aytdi. The Hill nashrining yozishicha, bu vazirlik portfeli bo‘lishi dargumon — sobiq demokrat nomzodi respublikachilar ko‘pchilik bo‘lsa ham, Senat tomonidan ma’qullanmasligi ehtimolga yaqin.

Kichik Kennedining o‘zi Donald Tramp ma’muriyati ichimlik suvidan ftorni olib tashlash uchun kurash olib borishini aytdi. Bundan tashqari, Trampning saylovdagi sobiq raqibi vaksinatsiyani bekor qilishga shoshilmaslikka va’da bergan – ilgari u keng tanqid ostiga olingan vaksinalarga qarshi ritorikaga qaramay.

Tramp yanvarda Oq uyga qaytadi

5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan AQSh prezidentlik saylovlarida respublikachi Donald Tramp g‘alaba qozondi. U o‘z shtatlaridagi saylovchilarni ifodalovchi 295 ta saylovchilar kollegiyasi ovozini ta’minladi, g‘alaba qozonish uchun esa 270 ovoz kerak edi. Uning raqibi, Demokratik partiyadan nomzod, AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris ochiqchasiga mag‘lubiyatini tan oldi. AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden hokimiyatni Trampga tinch yo‘l bilan topshirishga va’da berdi.

20 yanvar kuni AQShning yangi prezidenti inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid