Jahon | 10:03 / 08.11.2024
1628
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh fuqarosi GFRda XXR foydasiga josuslikda ayblanib ushlandi

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh fuqarosi Martin D. Germaniyadagi Amerika qurolli kuchlarida ishlagan va maxfiy ma’lumotlarni Xitoy razvedka xizmatiga o‘tkazmoqchi bo‘lgan.

Foto: AP

Germaniya federal prokurorlari AQSh fuqarosi Martin D.ni Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilib qo‘lga oldi. Bu haqda 7 noyabr, payshanba kuni Germaniya Bosh prokuraturasi ma’lum qildi. Bu haqda Federal sud palatasining tergov sudyasi 30 oktyabr kuni order bergan.

Frankfurt-Maynda AQSh fuqarosi ushlandi

Qo‘lga olish Frankfurt-Mayndagi Jinoiy ishlar bo‘yicha federal idora tomonidan amalga oshirilgan. Ayblanuvchining xonadonida ham tintuv o‘tkazilmoqda.

Martin D. yaqin vaqtgacha Germaniyadagi AQSh Qurolli kuchlari (QK)da ishlagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda u Xitoy davlat idoralari bilan bog‘lanib, Amerika harbiylaridan maxfiy ma’lumotlarni XXR razvedka xizmatlaridan biriga o‘tkazishni taklif qilgan. Federal prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u AQSh Qurolli kuchlarida xizmat qilgan vaqtida ma’lumot to‘plagan.

Tekshiruv Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi bilan yaqin hamkorlikda olib borildi.

Tergov sudyasi ushlangan shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Germaniyada XXR uchun josuslik holatlari

Germaniyada Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, bu yil allaqachon ikki erkak hibsga olingan. Aprel oyida Federal prokuratura Drezdenda nemis fuqarosi, GuMdan Yevroparlament deputati Maksimilian Krahning sobiq xodimi Jian G.ni hibsga oldi. Ma’lum qilinishicha, u Yevroparlamentdagi muzokaralar va qarorlar haqidagi ma’lumotlarni Xitoy maxsus xizmatlariga yetkazgan. Shuningdek, u Germaniyadagi xitoylik muxolifat vakillari ustidan josuslikda ham gumon qilinmoqda.

Oktyabr oyi boshida xitoylik ayol Yaki X. Leypsigda Jiang G.ga qurol-yarog‘ tashish haqida ma’lumot berganlikda ayblanib hibsga olingan. Federal prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u logistika xizmatlarini ko‘rsatadigan kompaniyada, shu jumladan Leypsig/Halle aeroportida ishlagan. Ushbu ish doirasida u Jiang G.ga 2023 yil avgust oyi o‘rtalari va 2024 yil fevral o‘rtalari oralig‘ida aeroportdagi parvozlar, yuklar va yo‘lovchilar haqida ma’lumot bergan. Uzatilgan ma’lumotlar, xususan, qurol-yarog‘larni tashish, shuningdek, Germaniya mudofaa kompaniyasiga aloqador shaxslar haqida bo‘lgan, deya xabar berildi jurnalistlarga.

Mavzuga oid