“Biologik faol qo‘shimchalar reklamalarida 328 ta qonunga zid holat aniqlandi” – Raqobatqo‘m
O‘tgan 10 oy davomida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan BFQlar bilan bog‘liq 328 ta qonunbuzilishi aniqlangan. Buni ixtiyoriy bartaraf etmagan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
2024 yilning 10 oyi davomida 2205 ta biologik qo‘shimcha reklamasi muvofiqligini tekshirish uchun o‘rganish o‘tkazilgan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi. O‘rganishga ko‘ra, 328 ta holatda reklama qonunchiligiga nomuvofiqlik aniqlangan. Qonunbuzilish holatlarini ixtiyoriy bartaraf etmagan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyatining “Taraqqiyot TV” telekanali orqali “Qomus qapsulalari” BFQ reklamasi chalg‘ituvchi va bo‘rttiruvchi iboralar bilan berilgan. Kanaldan mahsulot reklamasi olib tashlanib, teleradiokompaniyaga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Toshkent shahrida “Jit Zdorovo” gazetasida chop etilgan “Neofleks” BFQ reklamasida ham qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. “PAKSTAMPA” MChJga jarima belgilanib, mas’ullarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Namangan viloyati “Mahalla” telekanali orqali “Fito-Plyus” va “Gemorroid” mahsulotlari reklamasi bo‘rttiruvchi va chalg‘ituvchi iboralar asosida efirga uzatilgani aniqlangan. Hududiy boshqarmaning tegishli ko‘rsatmasiga ko‘ra BFQlarning yangi reklamasi efirga uzatilib, oldingi reklamaga raddiya berilgan.
Bundan tashqari, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hududida ham turli Telegram-kanallari (“Sirdaryo moshina bozor”, “Gulistonliklar Rasmiy”, “Guliston Olx Sirdaryo”, “Samarqandliklar_Samarqand24”, “Samarqand100”, “Nurobod OLX” ) orqali BFQning (“Gemoroydan xalos etuvchi”, “Disaar”, “Stop diabet-No diabet”) qonunga zid reklamalari tarqatilgani aniqlangan. Qo‘mita kanal adminlariga tushuntirish va ogohlantirish berilgani va reklama materiallari kanallardan olib tashlanganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, BFQ kasalliklarni davolovchi vosita emas.
Mavzuga oid
11:07 / 18.12.2024
Bir qator nodavlat ta’lim muassasalarida qonunbuzarliklar aniqlandi
17:42 / 16.12.2024
7,2 mlrd so‘mlik tender savdolari ixtiyoriy ravishda bekor qilindi
15:10 / 13.12.2024
Onkologik kasalliklar davosi haqida reklama joylashtirgan MChJ jarimaga tortildi
12:22 / 13.12.2024