Jamiyat | 23:03 / 08.11.2024
12904
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda uyda tayyorlangan konserva mahsulotlaridan yegan bir oilaning 4 a’zosi zaharlandi

Ular orasida bo‘lgan oilaning kenja farzandi vafot etgan. Uning vafoti mutaxassislar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda.

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida yashovchi bir oilaning to‘rt nafar a’zosi botulizmdan zaharlangan. “Zamon” informatsion dasturida berilgan lavhada aytilishicha, hodisa 2024 yil 1 noyabr kuni sodir bo‘lgan.

Past Darg‘om tumani Mang‘itobod mahallasida yashovchi oilaning to‘rt nafar a’zosi – er-xotin va ikki bola uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilgan va ularning sog‘ligi yomonlashgan.

Shundan so‘ng ular shifoxonaga yotqizilgan va tekshiruvlarda botulizmdan zaharlanishgani aniqlangan. Shifoxonada oilaning kenja farzandi vafot etgan.

Lavhada Past Darg‘om tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori bola boshqa kasallikdan vafot etganini aytgan.

Bolaning onasi ham u o‘sha kuni konserva mahsuloti yemaganini, unda sudurgi kasalligi bo‘lganini ma’lum qilgan.

Tuman SES xodimi esa bola ham zaharlanishdan vafot etgani va yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari unga tashxis qo‘yishda adashganini ta’kidlamoqda.

Mavzuga oid