O‘zbekiston | 12:01 / 09.11.2024
23538
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan

Shofirkon tumanida PayNet shoxobchasida ishlagan bola fuqarolarga sim-karta berish jarayonida ularning fotosuratlarini identifikatsiyadan o‘tkazish uchun olgan. So‘ngra yashirin ravishda ularning telefon raqami va fotosuratlaridan foydalanib, “Anorbank” ilovasidan onlayn kredit rasmiylashtirgan. Hozirda jabrlanuvchilarni aniqlash maqsadida tezkor surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Foto: “Bu kun” lavhasidan skrinshot

Shofirkonda 16 yoshli o‘smir o‘ndan ortiq shaxslar nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib olgani aniqlandi. Bu haqda “Bu kun” dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilning 24 may kuni Shofirkon tumani IIBga tumanning Iskogare mahallasida yashovchi fuqaro murojaat qilib, nomiga 54 mln so‘m kredit olinganini, hozirda mazkur kredit to‘lovlari uning plastik kartasidan yechib olinayotganligini bildirgan. Holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda Buxoro viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor texnik va surishtiruv harakatlari olib borilgan.

Tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni 2008 yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan o‘smir sodir qilganligi fosh etilgan.

O‘smir PayNet shoxobchasida norasmiy tarzda ishlagan va fuqarolarga sim-karta berish jarayonida ularning fotosuratlarini identifikatsiyadan o‘tkazish uchun olgan. So‘ngra yashirin ravishda fuqarolarning telefon raqami va fotosuratlaridan foydalanib, ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib olgan. U o‘ndan ortiq fuqaroga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan. Qo‘lga kiritgan pullarini esa onlayn qimorga tikib yuborgan.

Pul yo‘qligi sababli mijozlarim nomiga “Anorbank” ilovasi orqali kredit rasmiylashtirdim. Har bir mijozimga 15-20 mln so‘mdan jami 100 mln so‘m miqdorida kredit oldim.

Buning oxiri voy: odam pul va qimor dardida o‘zini boshqara olmay qoladi. Qimor o‘yinlari odamni psixotorop moddalari kabi o‘ziga qaram qilib qo‘yadi”, degan u intervyusida.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda unga nisbatan qamoqqa ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirgi kunda gumon qilinuvchidan boshqa jabrlangan shaxslar ham bo‘lishi mumkin degan ehtimol bilan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid