Jahon | 21:57 / 09.11.2024
3469
3 daqiqa o‘qiladi

Rimdagi Trevi favvorasi suvi quritildi va uning yoniga tangalar uchun basseyn o‘rnatildi

An’anaga ko‘ra, turistlar yana bir bor Rimga qaytib kelish niyatida Trevi favvorasiga tanga otadi. Ushbu «odat» har yili 1,5 million yevro olib keladi.

Foto: AP

Rim Trevi favvorasida xizmat ko‘rsatish ishlarini olib bormoqda: hozirda uning suvi to‘liq quritilib, plastik panjaralar bilan himoyalandi, tanga tashlamoqchi bo‘lganlar uchun esa kichik basseyn o‘rnatildi.

An’anaga ko‘ra, turistlar yana bir bor Rimga qaytib kelish niyatida Trevi favvorasiga tanga otadi. Ushbu «odat» har yili 1,5 million yevro olib keladi — 15 yildan beri to‘plangan mablag‘lar Caritas xayriya tashkiloti hisobiga o‘tkazib kelinmoqda.

Rim hukumati katoliklar uchun muqaddas bo‘lgan Jubilee 2025 yili davomida shaharga keluvchi 35 million tashrif buyuruvchilar uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Aynan shu sababli Italiya poytaxtiga kelgan mehmonlar yopilgan yo‘llar, o‘ralgan haykallar va qurilish ishlariga duch kelmoqda.

Iyul oyida Rim meri Roberto Gualteri shaharda rekord darajada — 3200 ta qurilish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi. Davlat va Yevropa jamg‘armalaridan ajratilgan milliardlab yevrolar bayram arafasi shahar uchun sarflanmoqda — nafaqat tarixiy qadamjolarni yaxshilashga, balki infratuzilmani, masalan, transport va chiqindilarni utilizatsiya qilish tizimlarini yaxshilashga ham.

Bundan tashqari, Vatikanning yubiley yili davomida tashrif buyuruvchilar sun’iy intellektga asoslangan «Juliya» virtual yordamchisi xizmatidan ham foydalanishlari mumkin. Dastur turistlarni u qadar taniqli bo‘lmagan diqqatga sazovor maskanlar bilan tanishtirib, asosiy yodgorliklardagi yuklamani kamaytiradi.

Trevi favvorasiga tashrif buyuradigan turistlar oqimini tartibga solish uchun shahar hukumati uning atrofini yopish rejasini ishlab chiqmoqda. Aftidan, 2025 yildan boshlab mehmonlar favvora hududiga kirish uchun chiptalarni onlayn bronlashi va yig‘im uchun 2 yevro to‘lashi kerak bo‘ladi. Favvora yaqiniga borgan turistlar 30 daqiqa ichida hududni tark etishi lozim.

Balandligi 25,9 metr hamda eni 19,8 metr bo‘lgan favvorani qurishni 1762 yilda Nikola Salvi boshlagan, Juzeppe Pannini esa oradan 30 yil o‘tib uning ishini yakunlagan. Favvora nomi unga eltuvchi uchta ko‘cha nomidan kelib chiqqan (italyancha «tre vie») — Via Dey Krochichchi, Via Poli hamda Via Delle Muratte.

Mavzuga oid