Uchta viloyat va Toshkent shahrida giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
Xususan, Surxondaryo - Xorazm yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan 67 yoshli fuqaro hamda uning 34 yoshli kelinidan 993 gramm gashish moddasi topilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida Tojikistondan keltirilgan narkotik moddalar musodara qilindi
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1996 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan shaxsning vaqtinchalik yashash manzilidan 1 kilogramm 995 gramm geroin moddasi, 143 gramm «Mefedron» hamda 3 litr suyuq «Mefedron» sintetik narkotik, qadoqlash vositalari, elektron tarozi va boshqa uskunalar olingan.
Shuningdek, mazkur shaxs tomonidan mijozlarga sotish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani hududidagi xufiya joylarga yashirib ketilgan oltita zakladkalardan jami 1 kilogramm 296 gramm «Mefedron» ham olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositalari qozog‘istonlik va tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga yetkazib berilgan.
Boshqa holatda esa Samarqand — Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia rusumli avtomashina Sirdaryo viloyatining «Sirdaryo» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan 45 yoshli shaxsga tegishli 1 kilogramm 641 gramm gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u narkotik moddani Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangani uchun sudlangan 45 yoshli fuqarodan 10 ming AQSh dollariga sotib olgani aniqlanib, u ham qo‘lga olingan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida kuzatilgan holatda, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 64 yoshli shaxs Tojikistondan keltirilgan 901 gramm opiy moddasini 8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
«Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilib, jazo o‘tagan bo‘lsa-da, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan», — deyiladi xabarda.
DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 35 yoshli shaxs boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtotransport vositasi Ko‘kdala tumanidagi «Umakay» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Natijada avtomashinaning orqa o‘rindig‘i ostiga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 265 gramm opiy va 1 kilogramm gashish giyohvandlik vositalari yashirib qo‘yilgani aniqlangan.
Bu yo‘nalishda DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazib, Tojikistondan olib kelingan giyohvandlik vositalarining viloyat hududida sotilishiga chek qo‘ygan.
Jumladan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari sotgani uchun ikki marotaba sudlangan shaxs Urganch shahrida ushlanib, uning qo‘l sumkasida bo‘lgan 989 gramm opiy moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Boshqa holatda esa Surxondaryo — Xorazm yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtotransport vositasi Tuproqqal’a tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi, 67 yoshli fuqaro hamda uning 34 yoshli kelinidan 993 gramm gashish moddasi olingan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mavzuga oid
16:18 / 10.12.2024
Suriyadagi urushda qatnashib, vaziyatni yoritayotgan o‘zbekistonlik shaxs qidiruvda ekani ma’lum qilindi
12:38 / 25.11.2024
Bosh vazir yordamchisi va uning DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan akasi ishdan olindi
15:44 / 24.11.2024
Abdusalom Azizov DXX raisligidan haydalgani tasdiqlandi
19:25 / 23.11.2024