Jahon | 20:45 / 10.11.2024
2883
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Janubiy Sudandagi suv toshqinlari yarim millionga yaqin odamni boshpanasiz qoldirdi

Mamlakat yo‘llarini suv bosishi oqibatida gumanitar yordam ishchilari jabrlanganlarga ko‘maklashishda jiddiy qiyinchiliklarga uchramoqda.

Foto: El Tayeb Siddig/Reuters

Janubiy Sudanda keng ko‘lamli suv toshqinlari qariyb 1,4 million kishiga ta’sir ko‘rsatdi. Tabiiy ofat 379 mingdan ziyod fuqaroni o‘z uyini tashlab ketishga majbur qildi, deb xabar beradi BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi.

Qayd etilishicha, mazkur suv toshqinlari so‘nggi yillarda yuz bergan eng halokatli tabiiy ofatlardan biriga aylangan. Yo‘llarni suv bosishi oqibatida gumanitar yordam ishchilari jabrlanganlarga ko‘maklashishda jiddiy qiyinchiliklarga uchramoqda.

«Vaziyat bezgak tarqalishi tufayli yanada qiyinlashmoqda — shundoq ham jabrlangan hududlardagi zaif sog‘liqni saqlash tizimiga qo‘shimcha yuklama tushyapti», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, suv toshqinlari infratuzilmalar buzilishiga va qishloq xo‘jaligi maydonlarining yakson bo‘lishiga olib kelgan. Bu esa mamlakatdagi gumanitar inqirozni yanada murakkablashtirmoqda.

Avvalroq BMT yomg‘irlar boshlanishi bilan gumanitar yordamni yetkazishning imkoniyati bo‘lmayotgan 15 ta asosiy yo‘nalishni ma’lum qilgandi — ushbu hududlarda taxminan 500 ming fuqaro istiqomat qiladi. Bularning barchasi Janubiy Sudanning qo‘shni davlat bilan 18 oydan beri davom etayotgan urushi oqibatlari fonida sodir bo‘lmoqda. O‘tgan yilning aprelidan beri Janubiy Sudanda yarim milliondan ortiq qochoqlar qayd etilgan.

Mavzuga oid