Jahon | 19:56 / 11.11.2024
4825
2 daqiqa o‘qiladi

Aleksey Navalniyning bevasi Magnitskiy nomidagi mukofot laureati bo‘ldi

Magnistkiy nomidagi mukofot 2015 yilda Hermitage Capital fondi rahbari Uilyam Braunder tomonidan joriy etilgan.

Foto: RIA Novosti

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya Sergey Magnitskiy nomidagi mukofot laureati bo‘ldi. Bu haqda Hermitage Capital fondi rahbari Uilyam Braunder ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Navalnaya «Olov qa’ridagi jasorat» nominatsiyasi bo‘yicha mukofotga loyiq ko‘rilgan.

«Uning qiyinchiliklarga nisbatan bardoshiga, Alekseyning erkin va demokratik Rossiyani qurish missiyasiga sadoqatiga aql bovar qilib bo‘lmaydi», — deb yozadi Brauder.

Navalnayaning o‘zi hozircha mukofotga munosib ko‘rilganiga izoh bermadi.

2007 yilda Hermitage Capital fondi auditori Sergey Magnitskiy Rossiya budjetidan 5,4 milliard rublning o‘zlashtirilishi sxemasini fosh etgan edi — bunga RF huquq-tartibot organlari xodimlari aloqador bo‘lgan. Oqibatda yurist soliqdan bo‘yin tovlash ayblovi bilan hibsga olingan. 2009 yilda Magnistkiy «Matrosskaya tishina» nomli tergov izolyatorida vafot etgan — rasmiy versiyaga ko‘ra, unda yurak yetishmovchiligi kuzatilgan.

Magnistkiy nomidagi mukofot 2015 yilda Brauder tomonidan joriy etilgan. Siyosatchi Boris Nemsov, moskvalik deputat Aleksey Gorinov, muxolifatchi Sergey Moxnatkin, siyosatchi Lyubov Sobol ham mazkur mukofot laureatlari bo‘lgan.

Mavzuga oid