Jahon | 22:35 / 11.11.2024
4901
5 daqiqa o‘qiladi

«Tramp bilan ham, G‘arb yetakchilari bilan ham muloqot rejalanmayapti» - Peskov

The Washington Post Trampning 7 noyabr kuni Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukraina masalasini muhokama qilgani haqidagi maqolasini Kreml yolg‘on ma’lumot deya atadi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning brifingdagi bayonotiga ko‘ra, Tramp va Putin o‘rtasida hech qanday telefon muloqoti bo‘lib o‘tmagan.

Ayni vaqtda na Tramp, na biror G‘arb yetakchisi bilan muloqot rejalanmayapti, deya qo‘shimcha qiladi Peskov.

The Washington Post AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 7 noyabr kuni Rossiya rahbari Vladimir Putinga telefon qilgani xususida xabar e’lon qilgandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Rossiya tomoni buni rad etib, xabarni yolg‘on ma’lumot, deya atadi. Gap shundaki, The Washington Post maqolasida keltirilishicha, Tramp va Putin telefon orqali norasmiy suhbat o‘tkazgan. Muloqotda asosiy mavzu Ukraina urushi bo‘lgan. Tramp prezident Putinga Floridadagi qarorgohidan qo‘ng‘iroq qilgan.

Lekin Kreml rasmiy vakili, Putinning matbuot kotibi Peskov brifing o‘tkazib, Tramp va Putin o‘rtasida hech qanday telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lmaganini, bularning hammasi yolg‘on ekanini ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Tramp bilan muloqot qilish bo‘yicha hozircha hech qanday aniq reja yo‘q. Putin matbuot kotibi so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti G‘arb yetakchilari bilan ham muloqotga tayyorgarlik ko‘rayotgani yo‘q va Moskvaga bu bo‘yicha signallar kelmagan.

Bundan tashqari, Rossiya Trampning saylangani ortidan Yevropa asabiylik va qo‘rquv kayfiyatini ko‘rmoqda. Peskov Ukraina urushining borishiga ham to‘xtalib o‘tgan. Uning gaplarini aynan keltirsak, Rossiya maxsus harbiy operatsiyani barcha maqsadlariga erishmaguniga qadar davom ettiradi. Yevropa ham mojaroni davom ettirish uchun Ukrainaga qurol-aslaha kiritishda davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlarining vertolyotni olib qochishga bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatsiz kechdi. Bu haqida prezident Putinga ma’lumot berildi, deydi Peskov.

Ukraina tomoni ham o‘z navbatida yolg‘onligi aytilayotgan bu telefon muloqotidan xabari yo‘qligini bildirgandi. The Washington Post maqolasida Trampning Putinga qo‘ng‘irog‘i xususida Ukraina hukumati xabardor qilingani aytiladi. Qo‘shimcha qilinishicha, Kiyev bu suhbatga e’tiroz bildirmagan. Ukraina rasmiylari Tramp Putin bilan Kiyev uchun diplomatik yechim bo‘yicha hamkorlik qilishini allaqachon tushungan, deyishgandi manbalar. Biroq Ukraina tashqi ishlar vazirligi ham bu ma’lumotni rad etdi. «Ukraina tomoni taxmin qilinayotgan bu qo‘ng‘iroq haqida oldindan xabardor etilmagan, xabarlar yolg‘on. Shunga ko‘ra, Kiyev qo‘ng‘iroqni ma’qullamaydi ham, qarshilik ham qilmaydi», deydi Ukraina idorasi vakili.

Shu bilan birga, Trampning saylovoldi kampaniyasi shtabi vakili Karolin Levitt saylangan prezident birinchi ish kunidayoq Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralarni tashkil qilmoqchi ekanini bildirdi. Tramp rostdan ham saylovoldi tashviqotida urushni bir kundayoq yakunlashini aytib, mashhurlikka erishgandi. Biroq Moskva bu urush oddiy yechimlarni qabul qilmasligini takror-takror ta’kidlagan.

Siyosatshunos va tahlilchilar fikricha ham Trampning urushtugatar takliflari populistik xarakterga ega. U na Ukraina, na G‘azodagi urushni to‘xtata olish imoniga ega emas. Tramp faqat Putin va Netanyahuni ko‘ndirishini aytyapti, bu ishonarsiz va’da, deydi amerikalik siyosatshunoslar.

Eslatib o‘tamiz, Tramp 2025 yilning 20 yanvar kuni qasamyod qiladi. O‘sha sanadan e’tiboran u rasman lavozimiga kirishgan hisoblanadi. Amaldagi prezident Jo Bayden bilan Trampning uchrashuvi esa 13 noyabr, chorshanba kuniga belgilangan. Bayden va uning jamoasi allaqachon mag‘lubiyatini tan olgan va Oq uyni tark etishga tayyor. Bayden va Harris davlatda hokimiyatning tinch almashinuvi tarafdori ekanini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid