Jahon | 23:51 / 12.11.2024
4619
3 daqiqa o‘qiladi

Belaruslik siyosiy mahbus Mariya Kolesnikova 1,5 yil deganda otasi bilan uchrashdi

Kolesnikova qamalganidan mazkur uchrashuvga qadar otasi uni faqat bir marotaba ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan - 2022 yil oxirida qamoqxona kasalxonasida.

Foto: Telegram/sprava_by

Belaruslik siyosiy mahbus Mariya Kolesnikova otasi bilan uchrashdi — 2023 yil fevraldan beri u bilan aloqa yo‘q edi. Uchrashuv suratini Telegramʼdagi Nexta kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevich e’lon qildi.

Suratda Kolesnikova otasini quchoqlab, tabassum qilayotganini ko‘rish mumkin.

Protasevichning postidan kelib chiqadiki, uchrashuv 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Boshqa tafsilotlar, jumladan, uchrashuv qayerda bo‘lib o‘tganiga oydinlik kiritilmagan.

«Nasha Niva» nashrining ma’lum qilishicha, Koleskinovaning otasi bilan uchrashuvi qamoqxona kasalxonasida bo‘lib o‘tgan. Bu haqda jurnalistlarga sobiq siyosiy mahbuslar xabar bergan — ular surat orqali ushbu joyni tanigan.

Kolesnikova qamalganidan mazkur uchrashuvga qadar otasi uni faqat bir marotaba ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan — 2022 yil oxirida qamoqxona kasalxonasida. Oxirgi marotaba Kolesnikovalar oilasi uning nomidan 2023 yil fevralda maktub olgan. Shundan keyin siyosiy mahbus haqida u bilan bitta koloniyada bo‘lgan va ozodlikka chiqqanlar orqali boxabar bo‘lib turilgan.

Mariya Kolesnikova 2020 yilgi Belarus prezidentligi saylovlarida muxolifatning eng yorqin vakillaridan biri edi. U o‘sha yilning sentabrida qo‘lga olingan. Bundan oldin Kolesnikovani Belarusdan kuch bilan olib chiqishga urinishgan edi, ammo ayol chegarada o‘z pasportini yirtib tashlagan. Kud Kolesnikovani «hokimiyatni egallash»ga urinish ishida aybdor deb topib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Oktyabr oyida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko siyosiy mahbuslar, jumladan, Mariya Kolesnikovaning afv etish haqidagi iltimoslarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi. «Bizda qonun bor: kishi o‘z aybini anglab, (ko‘plab boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi) kechirim so‘rab, prezidentga murojaat qilsa, buni ko‘rib chiqamiz. Kolesnikova bilan ham shunday», — degan edi Lukashenko.

Mavzuga oid