Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
Mahallalar uyushmasidan Furqat Mahmudxo‘jayev yunusobodliklar issiqxonalarda turli narsalar yoqilayotganidan aziyat chekayotganini aytib, jamoatchilikni amaliy yechim topilmaguncha to‘xtamaslikka chaqirdi. Poytaxt hokimligiga ko‘ra, qattiq yoqilg‘i asosida isitish uchun ichki yonuv tizimlaridan foydalanadigan barcha obektlar reyestrga kiritilgan.
Mahallalar uyushmasining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i, poytaxt hokimining sobiq o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayev shahar ekologiyasi buzilayotganidan shikoyat qildi. U Facebook'dagi sahifasiga joylagan videoda issiqxonalar sabab mahalliy aholi havo ifloslanishidan aziyat chekayotganini aytgan.
“Umuman, “betonka” yaqinidagi barcha mahallalar harorat tushishi bilan o‘sha muammodan aziyat chekmoqda. Odamlar issiqxonalarda turli narsalarni yoqishyapti, ekologiya buzilyapti. Eng muhimi, odamlarning salomatligiga juda negativ ta’sir qilyapti.
Agar shamol kuchli bo‘ladigan bo‘lsa, u [iflos havo] hammamizgacha keladi. Hozir “betonka” atrofidagilar aziyat chekyapti. Bu juda qayg‘uli. Bolalar, qariyalar, turli kasalliklarga chalingan odamlar shu havodan nafas olishadi. Bu bilan nimadir qilish kerak. Buning oldini olishda barcha tashkilotlar ishtirok etishi kerak. Uning boshida, albatta, Toshkent shahar hokimiyati turishi kerak. Do‘stlar, sizlardan qattiq so‘rayman, bu masalani o‘z holicha qoldirmanglar, masalani doimiy ko‘taringlar. Amaliy jihatdan bu muammoga yechim bo‘lmas ekan, biz to‘xtamasligimiz kerak. Hammamiz birgalikda albatta bu masalani hal qilamiz”, – degan u.
Toshkent shahar hokimligi Mahmudxo‘jayevning murojaatiga munosabat bildirdi.
“Iqtisodiy faoliyatning kengayishi va tadbirkorlikning rivojlanishi Toshkent shahrida hamda Toshkent viloyati tumanlarida joylashgan issiqxona xo‘jaliklariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bu havo sifatining yomonlashuviga, ekologik muvozanatning buzilishiga olib kelmoqda va shahar aholisining sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Korxonalarning isitish uskunalarida tegishli energiya manbalaridan, xususan, qattiq yoqilg‘idan foydalanishini tekshirish maqsadida ekologik reyd o‘tkazilmoqda.
Ekologiya boshqarmasi, kadastr xizmati, FVV, IIBB, O‘zgidromet, Soliq qo‘mitasi va hokimiyat xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilgan. Guruh obektlarga chiqib, maxsus uskunalar yordamida ekologik me’yorlarning buzilishini qayd etib bormoqda.
Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha, mavjud vaziyatni o‘zgartirish uchun qat’iy choralar ko‘rilmoqda”, – deyiladi hokimlik bayonotida.
Ta’kidlaniicha, ko‘mir qozonlaridan foydalanayotgan obektlarda kulning og‘ir va yengil zarrachalarini ushlab qoluvchi filtrlarni o‘rnatish majburiy deb belgilangan. O‘ziga xos hid va havo rangini o‘zgartiradigan boshqa materiallardan, masalan, shinalar yoki yoqilg‘i moyi (pech yoqilg‘isi)dan foydalanadigan korxonalarga mavjud uskunalarni filtrlar o‘rnatilgan holda ko‘mirga almashtirish talabi qo‘yilgan. Aks holda, bunday korxonalar og‘ir ekologik vaziyat yuzaga kelgan yillarda o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi.
“Qattiq yoqilg‘i asosida isitish uchun ichki yonuv tizimlaridan foydalanadigan barcha obektlar alohida hisobga olindi va reyestrga kiritildi. Isitish mavsumi davomida ularda maxsus guruhlar tomonidan rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkaziladi. Atmosferani ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar: issiqxonalardan tortib umumiy ovqatlanish korxonalarigacha, shu jumladan ochiq olovda taom tayyorlanadigan muassasalar ham nazoratga olindi.
Shahar ma’muriyati barcha shahar aholisini poytaxtdagi ekologik vaziyatga e’tibor qaratishga va ifloslanishning oldini olish choralarini ko‘rishga chaqiradi. O‘z navbatida, hokimiyat faoliyatni me’yorlashtirish va zamonaviy ekologik talablarga moslashtirish bo‘yicha maslahat yordami ko‘rsatishga tayyor”, – deya qayd etgan Toshkent shahar hokimligi.
Kun.uz bayonotda aytilgan reyestrga nechta korxona kiritilganini so‘rab, hokimlik matbuot xizmati bilan bog‘landi. Lekin rasmiylar bu ro‘yxat hozirda kengayib borayotganini ta’kidlash bilan cheklandi, qancha obekt qo‘shilgani esa ma’lum qilinmadi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Ekologik partiya Toshkent shahar atrofidagi 631 ta issiqxonaning yarmidan ko‘pi ko‘mir, ba’zan rezina shinalar va boshqa yonuvchi vositalardan foydalanayotganini ma’lum qilgandi. Partiya muammoga Ekovazirlik va Bosh prokuraturadan tezkor choralar ko‘rishini ham so‘ragan.
Avvalroq jamoatchilik faoli Sherzodxon Qudratxo‘ja ham Yunusoboddagi havo ifloslanishida issiqxonalarni ayblagan, faollar esa muammoning ildizi gaz va umuman energetika sohasiga borib taqalishini ta’kidlagandi.
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
20:11 / 19.12.2024