Fan-texnika | 16:54 / 13.11.2024
5628
2 daqiqa o‘qiladi

Apple iPhone narxidagi kitobini chiqardi

Smartfondan farqli o‘laroq, bu kitob eng ko‘p sotiladigan mahsulotga aylanmaydi, boisi undan bor-yo‘g‘i 1500 nusxa chop etiladi.

Foto: Assouline

2024 yilning yozida Apple Music “Tarixdagi 100 ta eng yaxshi albom” tashabbusini taqdim etgandi, u haligacha striming xizmatida bor. Endi kompaniya eng buyuk musiqiy to‘plamlar ro‘yxatini kitob shaklida to‘pladi — u atigi 1500 nusxada chop etiladi. Kitob nafis yarim shaffof muqova, zarhal hoshiyali sahifalar va, albatta, qo‘lda bitilgan tartib raqamiga ega.

Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, to‘plam 65 yillik musiqa va ko‘plab janrlarni qamrab oladi: kantri va popdan tortib rok, xip-xop va elektronikagacha. Uning tarkibiga Billi Aylish va Metallica, Trevis Skott va Talking Heads kabi uslub jihatidan butunlay farq qiluvchi ijrochilar kiritilgan. Ammo kitob faqat musiqa ishqibozlari uchun yaratilgani va hech qanday reytinglarga da’vo qilmasligi ta’kidlandi.

“Agar ro‘yxat Apple Music’dan tashqaridagi muxlislar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lsa va odamlarni sevgan musiqalari haqida qizg‘in suhbatlashishga undasa, demak, oldimizga qo‘ygan vazifani bajargan bo‘lamiz. Biz chinakam buyuk albomlar shunchaki qo‘shiqlar to‘plamidan ko‘ra ko‘proq narsa ekanini angladik. Ular bir bo‘lagingizga, hayotingizning ajralmas qismiga aylanadi. Bu singan yurak, alam, jarohat, quvonch, inqilob va yechimdir”, —dedi Apple Music kompaniyasining global ijodiy rahbari va san’atkorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Zayn Lou.

Hozirda kitob uchun dastlabki buyurtmalar qabul qilinmoqda, rasmiy yetkazib berish 2024 yil 25 noyabrdan boshlanadi. Kitob jami 208 sahifa va 97 ta kartinani o‘z ichiga olgan, uning narxi 450 dollar turadi.

Mavzuga oid