O‘zbekiston | 15:10 / 13.11.2024
8755
2 daqiqa o‘qiladi

Birjaga chiqarilayotgan AI-80 benzinining boshlang‘ich narxiga nisbatan cheklov o‘rnatildi

Raqobat qo‘mitasi birjada AI-80 markali benzinning boshlang‘ich narxi uchun 5 foiz miqdorida cheklov o‘rnatdi. Shuningdek, bitta xaridorga 4 tonna benzin sotish cheklovi ham saqlab qolinadi.

Foto: Kun.uz

Raqobat qo‘mitasi tovar-xomashyo birjasida AI-80 avtomobil benzini narxining yuqori chegarasini belgiladi. Bu haqda Spot xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaning 12 noyabrdagi topshirig‘iga ko‘ra, chorshanba kunidan boshlab AI-80 benzini boshlang‘ich narxiga nisbatan 5 foiz miqdorida cheklov (spred) joriy etilgan.

Ushbu qaror narxlarga sezilarli ta’sir qila boshlagan. Xususan, 13 noyabr kungi savdolarda AI-80 benzinining o‘rtacha narxi tonnasiga 1,2 mln so‘mdan ko‘proqqa pasayib, 9,3-9,4 mln so‘mgacha arzonlashgan.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqargan benzinning dastlabki narxi bir tonnasi uchun 8 mln 931 ming so‘mni tashkil etsa, joriy etilgan cheklovni hisobga olgan holda bir tonna benzinning eng yuqori narxi 9 mln 377 ming so‘mga teng bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 6 noyabrdan boshlab suyultirilgan gaz narxlarining boshlang‘ich narxiga nisbatan ham 20 foiz miqdorida cheklov joriy etilgandi.

Mavzuga oid