Jahon | 18:19 / 13.11.2024
6896
3 daqiqa o‘qiladi

JSST maktab o‘quvchilariga yuklama ortib borayotganidan xavotirda

Bu millionlab o‘smirlarning, ayniqsa katta yosh guruhidagilarning, shuningdek, kam ta’minlangan oila vakillarining ruhiy va jismoniy salomatligiga ta’sir qiladi.

Foto: WHO

Maktabdagi o‘smirlarning dars yuklamasi ortib bormoqda, shu bilan birga, oilada o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash kamaymoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi ekspertlari ushbu tendensiyadan xavotirda, buni maktab yoshidagi bolalar salomatligi bo‘yicha o‘tkazilgan yangi tadqiqot natijalari tasdiqlaydi.

Tadqiqot Yevropa, Markaziy Osiyo va Kanadaning 44 davlatidan 11, 13 va 15 yoshli 280 ming nafar maktab o‘quvchiini qamrab oldi. Natijalarga ko‘ra, bolalarning atigi 67 foizi o‘z oilasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini his qiladi, bu 2018 yilda o‘tkazilgan oldingi tadqiqot natijalariga (73 foiz) nisbatan sezilarli pasayishdir. Shu bilan birga, maktabda, ayniqsa, qizlar uchun o‘quv yuklamasi keskin oshdi. Bularning barchasi millionlab o‘smirlarning, ayniqsa katta yosh guruhidagilarning, shuningdek, kam ta’minlangan oila vakillarining ruhiy va jismoniy salomatligiga ta’sir qiladi.

2021-2022 yillardagi so‘rov natijalari yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga kompleks yondashuv doirasida ijtimoiy determinantlarga – salomatlikka ta’sir etuvchi tibbiy bo‘lmagan omillarga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, ijtimoiy tengsizlik kam ta’minlangan oilalardagi o‘spirinlar badavlat oilalardagi tengdoshlariga qaraganda oilada kam qo‘llab-quvvatlash haqida ko‘proq gapirishlarida namoyon bo‘ladi. Hisobotning yana bir xulosasi shundan iboratki, qizlar o‘g‘il bolalarga qaraganda ota-onasi bilan o‘zini qiziqtirgan mavzularda kamroq gaplashadi. Aloqa to‘siqlari onalarga qaraganda otalar bilan munosabatlarda ko‘proq kuzatiladi.

JSST/Yevropa aniqlangan muammolarni hal qilish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlarga chaqirmoqda va oilaga yo‘naltirilgan siyosat va iqtisodiy yordamni kuchaytirish, shuningdek, inklyuziv maktab muhitini yaratishni tavsiya qilmoqda. Tashkilot ekspertlarining fikricha, akademik bosimni bartaraf etish, tizimli yondashuvlar, muvozanatli uy vazifasi siyosatini joriy etish, o‘quv ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘mak berish orqali stress darajasini oshirishga qarshi kurashish kerak. Maktabdan tashqari mashg‘ulotlar, ruhiy salomatlik resurslari va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan teng foydalanishni ta’minlash zarur.

Mavzuga oid