Jahon | 15:30 / 13.11.2024
6966
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonga yo‘lbarslar qaytarilmoqda. Ular bundan 70 yil avval yo‘qolib ketgandi

Respublikaga Niderlandiyadan bir juft Amur yo‘lbarslari ko‘chirib kelindi.

Foto: gov.kz

Qozog‘istondagi Ile-Balxash davlat qo‘riqxonasida hayvonot dunyosining qashshoqlashuvi hamda o‘rmonlar, butalar va botqoqlarning tanazzuli davridan so‘ng noyob sutemizuvchilar yana paydo bo‘ldi. CNN xabar berishicha, qo‘riqxonada 50 gektardan ortiq hududda o‘rmon va o‘simliklar qayta tiklangan, ular orasida o‘tlab yurgan Buxoro bug‘ulari va qulonlarni ko‘rish mumkin.

Yaqinda qo‘riqxonaga yo‘lbarslar olib kelindi — ular so‘nggi 70 yildan ortiq vaqt mobaynida Qozog‘iston yovvoyi tabiatida uchramagan edi.

O‘z vaqtida bu yirtqichlar g‘arbda Turkiyadan sharqda Koreya yarimoroligacha, Rossiyaning shimoliy Sibir yerlaridan to Indoneziyaning ekvatorial tropik orollarigacha cho‘zilgan hududlarda, jumladan, Markaziy Osiyoda kezib yurardi. Hozir ular bu hududning atigi 7 foizidan kamrog‘ida tarqalgan. Qozog‘istonda 1950 yillarda yo‘lbarslar Kaspiy mintaqasida butunlay yo‘q bo‘lib ketgani e’lon qilingan. Bunga ularni muntazam ovlash va yemish kamayishi sabab bo‘lgan.

Sentyabr oyida Niderlandiya qo‘riqxonasidagi bir juft Amur yo‘lbarslari Ile-Balxashdagi uch gektarlik yarim tabiiy volerga ko‘chirildi. Bu yerda juftlikning avlodi dunyoga keladi. Bu bilan Qozog‘istonda yovvoyi yo‘lbarslar qayta tarqalishiga umid qilinmoqda.

“Amur yo‘lbarslari Kaspiy mintaqasida bir necha o‘n yil oldin yo‘q bo‘lib ketgan yo‘lbarslarga o‘xshagani uchun tanlab olindi”, — deya jurnalistlarga ma’lum qildi Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi doirasidagi Tigers Alive tashabbusi rahbari Styuart Chapmen.

Olimlar Amur yo‘lbarslari Balxashbo‘yi sharoitida Rossiyaning Uzoq Sharqidagiga o‘xshash issiq yoz va sovuq qishda yashab qolishiga umid qilmoqda.

Bodxana va Kuma laqabli yo‘lbarslar Niderlandiyadan quruqlik orqali Germaniyaga olib kelindi, so‘ngra u yerdan tijorat samolyotining yuk bo‘limida olti soatlik parvoz bilan Qozog‘istonga yetkazildi. Keyin vertolyotda 20 daqiqada qo‘riqxonaga olib borildi.

Ular safardan bir necha oy oldin tayyorgarlikdan o‘tgan, xususan, transport qutisiga o‘rgatilib, o‘z volerlari ichida ov qilishni o‘rgangan. Bu ularga qo‘riqxonaning yarim yovvoyi muhitiga moslashishda yordam berishi kutilmoqda.

Yaqin yillarda Bodxana va Kuma safiga yana kamida sakkizta yo‘lbars qo‘shilishi kutilmoqda, 2035 yilga kelib qo‘riqxonada yovvoyi mushuklar soni 50 taga yetishi rejalashtirilgan.

Bu bilan ish yakunlanmaydi: tabiatni muhofaza qiluvchilar hududdagi inson va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni boshqarishlari lozim bo‘ladi. Qo‘riqxona ichida aholi yashamasa-da, uning chetida joylashgan to‘rtta qishloqda 6000 ga yaqin kishi istiqomat qiladi.

Mavzuga oid