Jahon | 17:42 / 14.11.2024
2799
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo tabiiy ofatlar tufayli yalpi ichki mahsulotining 6 foizini yo‘qotishi xavfi bor

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, faqatgina zilzilalar mintaqada yiliga 2 milliard dollargacha zarar keltirishi mumkin, bu har yili 4 millionga yaqin odamga ta’sir qiladi.

Foto: pronedra.ru

Markaziy Osiyodagi tabiiy ofatlar, ayniqsa zilzilalar va suv toshqinlari har yili mintaqaga milliardlab dollar zarar keltirishi mumkin. Bu haqda Ostona shahrida Jahon banki va Ostona xalqaro moliya markazi tomonidan tashkil etilgan «Tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirish va sug‘urtalash» bo‘yicha mintaqaviy konferensiyada so‘z yuritildi.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, faqatgina zilzilalar mintaqada yiliga 2 milliard dollargacha zarar keltirishi mumkin, bu har yili 4 millionga yaqin odamga ta’sir qiladi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi sababli suv toshqinlari Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti uchun asosiy xavf omillaridan biriga aylanib bormoqda, ekstremal hodisalardan ko‘rilgan yo‘qotishlar yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 6 foizigacha yetadi.

Bunday moliyaviy ta’sirlarni yumshatish va o‘z vaqtida tiklanishni ta’minlash uchun tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirishning samarali strategiyalari zarur.

Jahon banki eksperti Indu Jon-Abraham mintaqa mamlakatlarida yirik ofatlardan qutulish uchun yetarli mablag‘ yo‘qligini ta’kidladi. Agar yirik hodisalar ro‘y bersa, Tojikiston va O‘zbekiston mos ravishda 1,5 milliard va 15 milliard dollargacha moliyaviy taqchillikka duch kelishi mumkin, bu esa ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilmani ta’mirlashga sarflanadigan xarajatlarga ta’sir qiladi.

Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki (OTB) mintaqa davlatlarining iqlim o‘zgarishidan ehtimoliy yo‘qotishlarini hisoblab chiqdi, bu 2100 yilga borib YaIMning 6,8 foizini tashkil qilishi mumkin.

Modellashtirish natijalariga ko‘ra, OTB mutaxassislari Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari iqlimining umumiy yo‘qotishlarini hisoblab chiqdilar. Issiqxona gazlarining yuqori emissiyasi ssenariysiga ko‘ra, 2070 yilga borib yo‘qotishlar YaIMning 17 foizini tashkil qilishi mumkin. Yana 30 yil ichida yo‘qotishlar YaIMning 41 foizigacha yetishi mumkin.

OTB modeliga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishidan kamroq zarar ko‘radi. Agar issiqxona gazlari emissiyasi yuqoriligicha qolsa, yo‘qotishlar 2035 yilga borib YaIMning 0,7 foizini, 2050 yilga borib 1,7 foizini, 2070 yilga borib esa 3,8 foizini tashkil qiladi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda o‘rtacha havo harorati jahondagi o‘rtacha haroratdan tezroq ko‘tariladi. 2070 yilga borib u 8 darajaga ko‘tariladi. Harorati +35 darajadan yuqori bo‘lgan «issiqlik to‘lqinlari» deyarli ikki barobar tez-tez sodir bo‘ladi. Bu energiya xarajatlariga va samaradorlikka salbiy ta’sir qiladi.

2023-2030 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha yillik xarajatlar aholi jon boshiga 83,6 dollarni tashkil etadi.

Mavzuga oid