Jahon | 16:51 / 16.11.2024
48388
8 daqiqa o‘qiladi

Bundan 50 yil oldin o‘zga sayyoraliklarga birinchi xabar yuborilgandi. Unda nimalar yozilgan?

Xat mazmuni ko‘pchilik olimlarning tanqidiga uchragan.

Foto: estadespr / Shutterstock / FOTODOM

1974 yil 16 noyabrda insoniyat tarixida birinchi marta ochiq koinotga o‘zga sayyoraliklar uchun maqsadli radio xabar — “Aresibo xati” yuborilgandi, deb eslaydi History portali. Xatda nimalar bo‘lgani, uni kim tuzgani va “matn” nima sababdan mazmuni uchun tanqidga uchragani haqida “RBK” maqola chop etdi.

Xabarda nima shifrlab yozilgandi?

Xabar taxminan uch daqiqa davomida 2380 MGs chastotada uzatilgan, unda 1679 bit ma’lumot mavjud bo‘lib, ular 73 satr va 23 ustundan iborat to‘r shaklida joylashtirilgan, deyiladi National Geographic maqolasida. Uni yaratish uchun eng oddiy kompyuter kodi — ikkilik sanoq tizimidan foydalanilgan. Maktubda Yerning sanoq sistemasi, DNK strukturasi, shuningdek, Quyosh sistemasida Yerning qayerda joylashgani ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, xabarda inson qomati va xat jo‘natilgan joy — Puerto-Rikodagi Aresibo rasadxonasining tasvirlari ham aks ettirilgan. “Maktub” Yerdan 25 ming yorug‘lik yili masofada joylashgan M13 sharsimon yulduzlar to‘dasi tomonga yuborilgan.

Qabul qiluvchi xabarni dekodlashi, ya’ni o‘rnatilgan vizual shablonni shifrdan chiqarishi kerak edi.

Kelgindilarga yuborilgan xat muallifi kim edi?

“Aresibo xati” astronom Frenk Dreykning ishi. U mashhur Dreyk tenglamasini yaratgan, bu esa o‘zga sayyoralarda hayot mavjud bo‘lish ehtimolini baholashga imkon beradi. Kelgindilar uchun xabarni yaratishda fan targ‘ibotchisi Karl Sagan ham ishtirok etgan.

Bundan tashqari, Dreyk loyihaga Kornell universiteti (AQSh) aspirantlarini jalb etgan. “U menga o‘zining qoralama variantini ko‘rsatdi, bu yakuniy variantga juda yaqin edi”, — deydi aspirantlardan biri Richard Ayzekman.

Nature jurnali yozishicha, ushbu xabar qisman e’tibor tortish usuli ham bo‘lgan. Aresibo rasadxonasida yirik modernizatsiya ishlari endigina yakunlangan, astronomlar teleskopning qudratini namoyish etmoqchi edi. Dreyk o‘sha paytda rasadxonani boshqarar, unga mohiyatan yangi ilmiy asbob xotirasini abadiylashtirish topshirilgandi. Olimning so‘zlariga ko‘ra, g‘ayrizaminiy ongga xabar yuborish g‘oyasi uning yordamchisi Jyeyn Allendan chiqqan.

Javob olish ehtimoli juda kam bo‘lsa-da, bu astronomlarning yulduzlararo aloqa haqidagi tasavvurlarini kengaytirdi. “Aresibo xabari” qarama-qarshi aloqa uchun emas, balki insoniyatning koinotga murojaat qila olishini ko‘rsatish uchun yuborilgandi. Agar boshqa aqlli sivilizatsiya mavjud bo‘lsa va tegishli uskunalarga ega bo‘lsa, u bizni eshitishi mumkinligini namoyish etish maqsad qilingan.

Shifr nima uchun tanqid qilindi?

Voqeadan so‘ng astronomlar “g‘ayrioddiy madaniy almashinuv”ga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar haqida o‘ylanib qolgan. National Geographic nashriga ko‘ra, xabarni jo‘natib bo‘lgach, olimlar “matn” keng doiradagi maslahatlashuvlarsiz tuzilganidan tashvishga tushgan.

Xavfli ogohlantirish

Ayrim tanqidchilarning fikricha, koinotga jo‘natilgan xabarlar salbiy kayfiyatdagi o‘zga sayyoraliklar e’tiborini jalb qilishi mumkin. Masalan, Lyu Tsisining “Uch jism muammosi” nomli ilmiy fantastik asarida koinotga xabar yuborish insoniyatni boshqa sivilizatsiya uchun nishonga aylantirishi mumkinligi to‘g‘risida mulohaza yuritiladi. Romanda “Qorong‘u o‘rmon” deb nomlangan nazariy g‘oya ilgari surilgan bo‘lib, unda o‘zga sayyora sivilizatsiyalari turli xil xavf-xatarlarga to‘la o‘rmonda yashirinib yurgan o‘ljaga qiyoslanadi.

“Ba’zi mutaxassislar mavjudligimiz haqida o‘zga sayyoraliklarga xabar yuborishni chindan ham aqlsizlik deb hisoblaydi. Biroq bunday signallar Yerdan uzluksiz tarqalayotgan tele va radiosignallar bilan bellashishiga to‘g‘ri keladi”, — deb ta’kidladi astrobiolog Abel Mendes.

Seksistik kod

Dreyk xabarnomada inson qiyofasini qanday tasvirlash haqida uzoq o‘ylagan — avvaliga u jinssiz nimanidir tasavvur qilmoqchi bo‘lgan. Ammo bunday tasvir odamni emas, balki gorillani eslatardi. Shuning uchun yakuniy shakl erkak siluetiga o‘xshatildi.

“Agar xabar bugun yaratilganida, uning muallifi yanada inklyuziv aqliy yondashuvdan foydalangan bo‘lardi. Xatning 90 foizini yolg‘iz ishlaydigan 44 yoshli oq tanli erkak — Frenk Dreyk yaratganini hisobga oling”, — deydi Ayzekman.

Nature qo‘shimcha qilishicha, “Aresibo xati” o‘zga sayyoradan aql izlash bilan shug‘ullanuvchi olimlarning demografik xususiyatlari ular jo‘natayotgan xabarlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini namoyish etadi. San’atdagi kabi bunday “matnlar” ham xurofotlar, qadriyatlar va o‘z-o‘zini anglash ta’sirida yaratiladi — bular “tarix va madaniyatni aks ettiruvchi ko‘zgular”dir. 1970 yillarda astronomiyada kichik demografik guruh hukmronlik qilardi, bu esa o‘zga sivilizatsiyalarga yuborilayotgan xabarning dizayni hamda mazmuniga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan.

Shu bilan birga, jurnal butun ilmiy hamjamiyatni seksist deb hisoblash shoshma-shosharlik bo‘lishini ta’kidladi. Masalan, Dreyk 1960 yillardayoq Ozma nomli o‘zga sayyoraliklarni qidirish loyihasiga qizlarni ham qo‘shgan.

Loyiha Milliy radioastronomiya observatoriyasida amalga oshirilayotgandi. Ba’zi xodimlar Dreykning ayollarni ishga jalb etish qaroriga qarshi chiqqan. Ularning fikricha, talaba qizlarga mablag‘ sarflash resurslarni behuda sovurish edi: qizlar turmushga chiqib, bola ko‘rib, fanga hech qanday hissa qo‘shmaydi. Biroq Dreyk bu fikr noto‘g‘riligini o‘z tajribasidan yaxshi bilardi.

Uning Harvarddagi doktorlik dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy rahbari ayol kishi bo‘lgan (Sesiliya Xelen Peyn-Gaposkina). Uning ishlari tufayli yulduzlar asosan vodorod va geliydan tashkil topganligi aniqlandi, bu esa astrofizika va osmon jismlarining tarkibi haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirdi. Ozma loyihasining ilk talabalaridan biri Ellen Gundermann Harvardda astronomiya bo‘yicha doktorlik darajasini oldi, uni kosmik mazerni kashf etgan birinchi astronom deyish ham mumkin. Ushbu hodisa lazerga o‘xshaydi, ammo yorug‘lik emas, mikroto‘lqinli nurlanish beradi, bu odatda qora tuynuklar atrofida kuzatiladi. Gundermannning qizi esa geofizika sohasida mukofot sovrindori bo‘lgan.

Ya’ni, Dreyk gender bo‘yicha noto‘g‘ri qarashlar bilan kurashgan bo‘lsa-da, uning o‘zi bu qarashlarni boshqa sayyoradagi aql egalariga yuborgan. Nature esa xabardagi rasmga san’at asari, o‘ziga xos avtoportret sifatida qarashni tavsiya qilmoqda. Keyinchalik astronom ong osti darajasida insoniy shakl tasviri o‘ziga o‘xshashini istagan bo‘lishi mumkinligini tan oldi: “Go‘yo o‘zimni ‘Yulduzlar sari’ uslubida teleportatsiya qilayotgandek edim”.

Mavzuga oid