O‘zbekiston | 08:13 / 19.11.2024
33182
4 daqiqa o‘qiladi

Qarindoshlari bilan birga ishlashi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari xodimlari ro‘yxati tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan qarindoshlarning birga ishlashlarini cheklash to‘g‘risidagi qoidalardan istisnolarga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari xodimlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Foto: Andrey Lyubimov / RBK

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekistonda qarindoshlari bilan birga ishlashi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari xodimlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Ro‘yxatda qarindoshlarning birga ishlashini cheklash to‘g‘risidagi qoidalardan istisnolarga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari xodimlari keltirilgan.

Unda 17 ta davlat tashkiloti xodimlari o‘rin olgan:

  • O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining xodimlari;
  • Qishloq joylardagi qishloq xo‘jaligi tashkilotlari va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari;
  • Temir yo‘l transportining liniya tashkilotlari, yo‘l, qurilish-montaj va temir yo‘llarning ixtisoslashtirilgan trestlarining qurilish-montaj va ko‘priksozlik poyezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalari va boshqa harakatlanuvchi tuzilmalarning xodimlari, ushbu korxona va tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;
  • Aloqadan foydalanish tashkilotlari xodimlari;
  • Sog‘liqni saqlash, davolash-profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tashkilotlarining shifokorlari;
  • Barcha ta’lim tashkilotlaridagi pedagog xodimlar, o‘qituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar;
  • “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq mehnat shartnomasi tuzilmaydigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari;
  • Teatrlar, badiiy jamoalar va studiyalar ijodiy xodimlari;
  • Arxivlar xodimlari, ilmiy muassasalar xodimlari, muassasalarning bosh buxgalterlari, buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari, shuningdek, seysmik stansiyalar xodimlari;
  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tarmoq tashkilotlarining xodimlari;
  • Dala geologiya (ekspeditsiyalari, uchastkalari va boshqa) tashkilotlari xodimlari;
  • Qishloq joylarda ishlaydigan o‘rmon va suv xo‘jaligi mutaxassislari, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlari, tibbiyot xodimlari, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlari;
  • Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanadigan yo‘l tashkilotlarining xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;
  • Qurilish-montaj va ko‘priksozlik qurish poyezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalar va boshqa ko‘chma maxsus qurilish tuzilmalarining xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;
  • Daryo floti kemalarining suzuvchi tarkibi xodimlari va daryo transportidan foydalanish tashkilotlari xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;
  • Magistral quvurlar o‘tkazish hamda neft va gaz konlarini tartibga keltiruvchi qurilish, qurilish-montaj va boshqa ixtisoslashtirilgan boshqarma va uchastkalarning xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;
  • Havza va ko‘llardagi baliqchilik tashkilotlari xodimlari, ushbu tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari.

O‘zaro yaqin qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslarning (ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotin, shuningdek, er-xotinning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat tashkilotida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga yoki uning nazorati ostida bo‘lishiga bog‘liq bo‘lsa taqiqlanadi. 

Mavzuga oid