O‘zbekiston | 13:55 / 20.11.2024
11502
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi

Yil nomida belgilangan eng muhim vazifalar bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqiladi.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqida ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalariga to‘xtaldi.

Davlat rahbarining aytishicha, havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.

Bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. Qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston BMT tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda.

El-yurtimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha o‘rganib, bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida Shavkat Mirziyoyev 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif etdi.

Yig‘ilganlar ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar, deyiladi rasmiy xabarda.

Hukumat yil nomida belgilangan eng muhim vazifalar bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqishi belgilandi.

Bu dasturda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan.

Mavzuga oid