Jamiyat | 20:50 / 20.11.2024
2998
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandlik fuqaro diniy ekstremistik materiallarni tarqatgani uchun 3 yilga qamaldi

19 yoshli yigit sudda diniy mazmundagi qo‘shiqlarni ma’nosini tushunmay, ohangi yoqib qolgani uchun eshitib yurganini aytgan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi yigit diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgani uchun sudlangan. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, yigit Telegramʼda guruh ochib, internetdan yuklab olingan diniy mazmundagi musiqalarni joylab borgan.

Sudlanuvchi tomonidan yuritib kelingan guruh ko‘zdan kechirilganda, unda 5 ta diniy mazmundagi taqiqlangan nashidalar borligi va ularning barchasi yigitga tegishli telefondan yuborilgani aniqlangan.

Yigit suddan yengillik so‘rab, qilmishidan pushaymon ekanini ta’kidlagan. U Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi (ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudya unga 57-moddani (yengilroq jazo tayinlash) tatbiq etgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Sudlanuvchi sud majlisida arab tilini umuman bilmasligini, diniy qo‘shiqlarni turli kanallarda eshitib qolgani va yoqqani uchun ma’nosini tushunmasdan guruhga joylaganini ta’kidlagan.

Mavzuga oid