AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
Oq uyga qaytayotgan Donald Tramp avvalgi prezidentlik muddatida XXR bilan savdo urushini boshlagan, Xitoyni koronavirus pandemiyasini keltirib chiqarganlikda ayblagandi. AQShdagi Jorjiya davlat universiteti tadqiqotchisi Abbos Boboxonov Kun.uz bilan suhbatda Vashington–Pekin munosabatlari istiqboli va Tayvan omili haqida so‘z yuritdi.
— Tramp va Bayden ma’muriyatining Xitoy bo‘yicha siyosatida qanday farqli yondashuvlar bo‘ladi?
— Tramp birinchi prezidentlikka saylangan vaqtida (2016-2020) Xitoy borasidagi amalga oshira olmagan ishlarini davom ettirmoqchi. U asosan keskin va kutilmagan qarorlar bilan siyosat yuritadi, Bayden administratsiyasi esa imkon qadar bosiqroq va mo‘’tadil munosabatlarni shakllantirishga intildi. Masalan, San-Fransiskodagi Bayden va Jinping uchrashuvidan keyin aloqalar biroz yaxshilanib, mudofaa, xavfsizlik va tashqi siyosiy faoliyat sohasida o‘zaro uchrashuvlar amalga oshirildi. Aloqalardagi muvozanat tiklana boshlangan edi deyish mumkin. Lekin ko‘plab tahlilchilar Tramp davrida munosabatlar keskinlashishini taxmin qilmoqda.
Tramp ma’muriyati ikkita masalani ilgari suradi: birinchisi, Xitoyning texnologik jihatdan o‘sishiga maksimal darajada to‘sqinlik qilish; ikkinchisi, Xitoy mahsulotlariga nisbatan boj tariflarini oshirish.
— AQSh uchun Tayvan geosiyosiy sababdan tashqari yana nima uchun muhim?
— Birinchidan, Tayvan geosiyosiy jihatdan qulay nuqtada joylashgan. Bu davlat Amerika o‘rnatgan demokratiyaning bir qismi sifatida qaraladi. Ikkinchidan, Tayvan dunyodagi eng yuqori texnologiyalarga asoslangan chiplar, platalar, texnologik mahsulotlar ishlab chiqaradi. Masalan, butun dunyodagi yangi chip texnologiyalarining 50 foizdan ziyod qismini (kompyuter chiplarining 90 foizi) birgina TSMC kompaniyasining o‘zi ishlab chiqaradi. Tayvan butun dunyoga yangi chip texnologiyalarining 68 foizini yetkazib beradi.
Uchinchidan, Tayvan shunday strategik hududda joylashganki, Xitoydan butun dunyoga tarqalayotgan mahsulotlarning asosiy qismi Tayvan dengiz yo‘llari orqali o‘tadi. Tayvan masalasidagi munosabatlarning keskinlashuvi aynan mana shu savdo aylanmasiga katta ta’sir qiladi. Shunday ekan, har ikki davlat ham bu hududdagi vaziyatni keskinlashtirishdan manfaatdor emas.
— Tayvandagi chiplarni AQShda ishlab chiqarish mumkinmi?
— Ikki yil oldin Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi fonida bu hududdagi vaziyatning keskinlashuviga guvoh bo‘lganmiz. Biroq bu keskinlashuv Pelosi aytgan darajaga yetib bormadi. Agar bu jarayonni chip masalasi bo‘yicha solishtiradigan bo‘lsak, Tramp paytida Amerika Tayvan bilan chip ishlab chiqaradigan fabrikalarni AQSh hududida qurish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgan edi. Bu kelishuv har ikki tomon uchun ham manfaatli edi. Chunki Tayvanning Xitoy bilan munosabatlari hisobga olinsa, TSMC kompaniyasining faqat o‘z hududida ishlab chiqaradigan mahsulotlarga tayanib qolishi juda xavfli hisoblangan.
Amerikada chip ishlab chiqaruvchi fabrikalar qurilishi hali ham davom etyapti, ammo bu borada ayrim muammolar bor. Chunki Tramp vaqtida boshlangan jarayonlar demokratlar davriga kelib to‘xtab qoldi. Bunga sabab Tramp kompaniyaga katta qulayliklar taqdim qilmoqchi bo‘lgan. Masalan, TSMC kompaniyasi 20 milliard dollar investitsiya kiritib, shu yerda zavod qurmoqchi bo‘lsa, Tramp ma’muriyati buni qo‘llash maqsadida 6 milliard dollar berishi kerak edi. Bu jarayonlar Bayden ma’muriyati davrida to‘xtab qolgan.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi fabrikani ishga tushirish bir yilga kechiktirilgan. O‘ylashimcha, Tramp yana hokimiyatga kelsa, zavod ishga tushiriladi. Ikkinchi fabrikaning kelajagi umuman mavhum, unga investitsiyadan boshqa sabablar ham bor: birinchisi, mutaxassislar yetishmovchiligi; ikkinchisi, qaysi turdagi chiplarni ishlab chiqarish. Shuning uchun hozir ikkala tomon o‘rtasida universal zavod qurish masalasi muhokama qilinyapti.
Tayvan chiplariga bo‘lgan talab AQShning o‘zida ham juda yuqori. Mutaxassislar fikricha, ishga tushirilishi kutilayotgan mazkur ikki zavod yil davomida ishlab chiqargan chiplar birgina Apple kompaniyasi ehtiyojlarini ham qondira olmasligi mumkin. AQShning mazkur kelishuvi aynan Xitoyning eng yuqori texnologik chiplarga ega bo‘lish jarayonini sekinlashtirishga qaratilgan, deb o‘ylayman.
— AQSh qancha vaqtda chip ishlab chiqarish salohiyati bo‘yicha Tayvan darajasiga yetishi mumkin?
— Tayvan bu salohiyatga erishishi uchun o‘nlab yillar sarflagan va bu imkoniyatlarni boshqa hududlarda yaratish ham shuncha vaqtga cho‘ziladi.
Biroq Tayvan kompaniyasi rahbariyati bu ishga qattiq kirishgan, chunki mamlakatdagi vaziyat keskinlashib, savdo yo‘llari yopilsa, nafaqat chipni ishlab chiqarish, balki ularni yetkazib berish ham katta muammoga aylanadi. Pandemiya davrida ko‘plab kompaniyalar aynan chip yetishmasligi sababli muammolar ichida qolgan edi. Albatta, Janubiy Koreya, Niderlandiya kabi mamlakatlar ham bu mahsulotni ishlab chiqaradi, ammo ularning salohiyati Tayvan darajasida emas.
— AQSh va Xitoy ziddiyatining yuqori cho‘qqisida harbiy to‘qnashuvlar bo‘lishi mumkinmi?
— Amerikadagi mutaxassislarning fikricha, Tramp davrida vaziyat eng keskin nuqtaga borishi mumkin, lekin harbiy amaliyot bo‘lmaydi. Chunki urush harakatlari har ikki mamlakatning manfaatlariga zid hisoblanadi.
Urush bo‘lmasligiga eng asosiy sabablardan yana biri – bu Xitoy armiyasining urushlar borasidagi tajribasizligi. Ular 45 yildan beri katta urushlarda qatnashmagan. Xitoy oxirgi marta 1979 yilda Vetnamdagi urushda ishtirok etgan.
— AQSh va Xitoy qaysi masalalarda o‘zaro yakdil pozitsiyalarga ega?
— Albatta, ular umumiy pozitsiyaga ega bo‘lgan masalalar bor va ulardan eng asosiysi – bu dunyo bo‘ylab yadro qurolini rivojlantirmaslik hamda tarqatmaslik. Ikkinchi masala esa atrof-muhitni himoya qilish masalasidir, bu yerda ham ikkita davlatning pozitsiyalari bir xil.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:17
Tramp Pentagon rahbari o‘rinbosari lavozimiga milliarder Faynberg nomzodini ilgari surdi
12:54
Toza havo va salomatlik uchun – Kaliforniya shtati 2035 yildan faqat elektromobillar sotuviga ruxsat beradi
11:25
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
10:43