Jahon | 16:02 / 21.11.2024
4720
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Diversion guruhi «Turk oqimi»ni portlatishga tayyorlangan

Haftalik Der Spiegel nashriga ko‘ra, «ShO»dagi qo‘poruvchilik uchun mas’ul guruh «Turk oqimi»ga putur yetkazishga tayyorgarlik ko‘rgan, biroq bu rejalar barbod bo‘ldi.

Foto: Danish Defense Ministry/Xinhua/picture alliance

«Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2» («ShO») gaz quvurlari yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan elita bo‘linma tomonidan emas, balki budjeti 300 000 dollardan (285 000 yevro) kam bo‘lgan turli ijrochilar guruhi tomonidan portlatilgan. Bu haqda 20 noyabr, chorshanba kuni Der Spiegel haftaligi jurnalistlari ma’lum qildi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, «Diametr» operatsiyasida Ukrainaning olti nafar harbiy xizmatchisi va bir necha tinch aholi vakillari ishtirok etgan – jami o‘n erkak va bir ukrainalik ayol. Guruh a’zolarining ba’zilari Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) bilan ilgari aloqada bo‘lgan va «keng miqyosda fikrlash»ga o‘rgatilgan, deb yozadi jurnal. Nashr ismlarni keltirmadi. Amalga oshirishni o‘sha paytda Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) bosh qo‘mondoni lavozimini egallab turgan Valeriy Zalujniy qo‘llab-quvvatlagan.

G‘arb razvedka xizmatlari hujum rejalari haqida ma’lumotni 2022 yil iyun oyida, portlashlardan uch oy oldin olgan: shved agenti diversantlar tayyorlanayotganidan xabar topgan, deb yozadi nashr. O‘z navbatida, Markaziy razvedka boshqarmasining Kiyevdagi agenti shu munosabat bilan Ukraina prezidenti qarorgohiga tashrif buyurgan. «Shundan keyin Zelenskiy (reja haqida) bilishi kerak edi», deb ta’kidlaydi Der Spiegel. Ammo u siyosatchining Amerika maxsus xizmatlari vakili bilan muloqoti vaqtini aniq aytmagan.

Shu bilan birga, nashrning ta’kidlashicha, Zalujniy operatsiyaga tayyorgarlikni kuzatgan bo‘lsa-da, Ukraina rahbari bu haqda «xabardor bo‘lmagan». «[Zalujniy] odamlari prezident va uning atrofidagilarga ishonmagan», deb yozadi jurnal.

Der Spiegel: Ijrochilar bir vaqtning o‘zida «Turk oqimi»ni portlatishga tayyorlangan

Der Spiegel nashrining yozishicha, ijrochilar bir vaqtning o‘zida Rossiya Federatsiyasini NATO a’zosi Turkiya bilan bog‘laydigan «Turk oqimi»ni portlatishga tayyorgarlik ko‘rgan, biroq keyinchalik operatsiyaning bu qismi muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Der Spiegel ta’kidlaganidek, Zalujniy rejaning turk qismini qo‘llab-quvvatlagan.

U ishtirokchilarni — G‘arb maxsus xizmatlariga tafsilotlar ma’lum bo‘lganidan keyin — guruh a’zolari o‘z harakatlarini davom ettirsa, qamoqqa tushishi mumkinligi haqida ogohlantirdi — ammo ular bu xabarni operatsiyani to‘xtatish buyrug‘i sifatida qabul qilishmadi.

Mavzuga oid