Sport | 15:52 / 21.11.2024
8962
14 daqiqa o‘qiladi

Ruben Amorim - Ronaldu unga qo‘ygan laqab, yangi uslub va «MYu»da nimalarni o‘zgartirmoqchiligi haqida

Foto: Getty Images

«Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi Ruben Amorim klub boshqaruviga kelganidan keyingi birinchi intervyusini «qizil iblislar» YouTube sahifasi uchun berdi va unda portugaliyalik mutaxassis katta jamoani boshqarish oldidan kechirayotgan hissiyotlari haqida gapirgan.

Xush kelibsan, Ruben. Bu savol eng osoni bo‘lsa kerak: nega «Manchester Yunayted»ga qo‘shilding?

— Birinchi navbatda men o‘zimda klub bilan bog‘liqlikni his qildim. Klub deganimda ko‘pchilik uning birlik sifatidagi siymosini ko‘z oldiga keltirgan bo‘lsa kerak. Yo‘q, avvalo, men unda ishlayotgan insonlar bilan bog‘liqlikni tuydim va bu men uchun juda muhim. Boisi, men o‘zim yoqtiradigan odamlar bilan ishlashni yoqtiraman. Ikkinchi sabab — klubning boy tarixi. Bu yerda hamma g‘alabalarga tashna. Bunday klubda bo‘lish orqali sen qandaydir alohida voqealarning bir qismiga aylana olasan va bu mening tanlovimdagi asosiy sabablardan biri. Men shunchaki qaysidir klubning navbatdagi murabbiyi bo‘lishni yoqtirmayman, Manchesterda ham oddiy murabbiylar ishlamaydi. Yana bir sabab, albatta, muxlislar. Portugaliyada ham media juda yaxshi ishlaydi, biroq bu yerdagi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Manchester muxlislarining klubga nisbatan jonkuyarligi, o‘zini dahldordek sezishi ushbu klubni qolganlardan ajralib turishining asosiy sababidir.

Sen klubdagi odamlar haqida gapirganda Omar, Den va Jyeysonni nazarda tutdingmi?

— Albatta. Ser Jim va Ser Deyvni ham e’tirof etish kerak, biroq yuqoridagi 3 inson mening tanlovimda katta rol o‘ynashdi. Men ular bilan o‘zimda qandaydir bog‘liqlik his qildim. Menimcha, ular bilan o‘xshash vaziyatdamiz: hech birimizning kelganimizga ko‘p bo‘lmagan va o‘ziga xos klubda katta natijalarga erishmoqchimiz. Bu bizlarni birlashtirib turuvchi muhim nuqta.

Krishtianu seni shoir deb atashi haqida aytishadi, shu rostmi?

— Ha, lekin bu shunchaki hazil sifatida shakllangan narsa. Men gapirganimda yuragimdan so‘zlayman. Meni taniydiganlar buni yaxshi biladi va bu taxallus shunchaki hazil tariqasida qo‘yilgan.

Sen «Old Trafford»da 2 marta o‘ynagansan. Qanday xotiralar qolgan?

— Juda ham yaxshi emas. Chunki men bu yerda g‘alaba qozonmaganman, menga g‘olib bo‘lish yoqadi. Menga hayotdan zavqlanish muhim, biroq bunga g‘alaba bilan erishishni xohlayman. Muxlislar mening yodimda qolgan. «Braga» bilan kelganimizda 2:0 hisobida yutayotgandik, keyin esa ular ishga tushishgan va o‘sha o‘yinni boy berganmiz. Demakki, bu o‘ziga xos stadion.

Endi mana shu tribunalar kuchini murabbiy sifatida ishlatishni istaysanmi?

— Sen murabbiy bo‘lsang, futboldagi eng muhim unsurdan unumli foydalana olishing kerak. Ha, futbolchilar maydonda o‘ynashda davom etaveradilar. Biroq stadiondagi atmosfera juda muhim va u yaxshi bo‘lsa, maydondagi yigitlarning o‘yini o‘xshaydi. Uchrashuvlarda g‘alabalar qozonishimiz uchun muxlislar ko‘magiga muhtojmiz.

Ko‘rib turganingdek, stadion ajoyib. Bu yerda turar ekansan, qandaydir o‘ziga xos bir qadamjoda ekanligingni his qilasan. Bu go‘zallikning markazida bo‘lishdan quvongandirsan?

— «Manchester Yunayted» men bilan gaplashganda, xususan Omar menga klubning rejalari haqida aytib bergandi. Ular uchun men birinchi raqamli da’vogar bo‘lganim meni faxrlantiradi. O‘ziga yarasha ma’suliyati ham bor, biroq baribir bu kabi katta bir voqelikning bir qismi bo‘lishdan iftixor tuyishing tabiiy. Biz bilamizki, jamoa g‘alabalarga erisha boshlasa, muxlislarning kayfiyati ham yaxshilanadi va ular yangi g‘oyalarga, o‘zgarishlarga, yangi stadion qurilishi kabi rejalarga ishona boshlaydilar. Biz bu yerdagi futbolning motorimiz, «Manchester Yunayted» — Premer-liganing yuragi.

Mashg‘ulot bazasi va xodimlar haqida ilk taassurotlaring qanday? Albatta, «Old Trafford» endi sening uying, biroq asosiy ishni Karringtonda bajarasan va ushbu baza hozirda qaytadan qurib chiqilmoqda…

— Eng muhimi o‘zingni klubga tegishli his qilishingdir. Baxtimizga klubning bu borada ajoyib tarixi bor.

Sen asosiy jamoa va akademiya o‘rtasida yaxshi bog‘lamlar yarata olishing bilan mashhursan…

— Men uchun bu muhim. Hozir mening kelishim ortidan hamma 3-4-3 yoki 4-3-3 sxemasida o‘ynashim haqida gapirishmoqda. Lekin men futbolchilarga maydondagi joylashuv nuqtai nazaridan emas, harakter jihatidan qarayman. Biz qanday o‘ynashimiz, qanday bosim o‘tkazishimiz haqida o‘ylashdan oldin futbolchilarning klubga nisbatan qanday munosabatda ekanligiga e’tibor qaratishimiz kerak. Men klubda prinsiplarni, mansubiyatni va harakterni shakllantirishni istayman.

Sening futbol falsafangning asosi nimada?

— Bir so‘z bilan aytganda — jamoa. Jamoa — eng muhimi. Sen jamoa bo‘lib ishlay boshlasanggina, individual mahorat ko‘zga tashlana boshlaydi. Lekin yana ham chuqurroq tushuntirib berishim kerak bo‘lsa, mening jamoalarimda harakter bo‘lishi kerak. Qanday o‘ynashimiz, qanday kurashishimiz men uchun muhim. Men futbolchilarning o‘z mansubiyatini yaxshi anglashini istayman. Qaysidir futbolchi libosni kiyar ekan, «Manchester Yunayted» futbolchisi ekanini his qilishi kerak. Hammaning birdek ortga qaytishi, yugurishi va o‘z o‘yinidan rohatlanishi — mana shu mening falsafam. Odamlarga yoqadigani bu — g‘alabalar. Men jamoam va muxlislar bilan g‘alabalarga erishishni xohlayman. Biroq bunga o‘z yo‘limizda va bir g‘oya ortida birlashgan holda erishishimiz kerak. Mana shu men doim e’tibor qaratadigan jihatlardir.

Demak, mana shu prinsiplar sening shaxsiyatingning asosini tashkil etadi. Biz seni kecha klubdagi har bir xodim bilan qo‘l berib ko‘rishib chiqqaningni ko‘rdik. Bu sen uchun juda muhimmi?

— Ha, chunki bu ishimning eng qiziqarli tarafi. Chunki men katta klubning kichik bir a’zosiman, xolos. Ha, futbolda bosh murabbiy katta rol o‘ynaydi: sening qo‘lingda butun boshli klub boshqaruvi bor. Lekin men nimaningdir bir qismi bo‘lishni nimanidir boshqarishdan afzal ko‘raman. Shunday ekan, men hammani birga ishlashini istayman. Shu tariqa ishimiz ancha qiziqarli va oson kechadi.

Qanday mehnat madaniyatini shakllantirishni xush ko‘rasan? Bu doim bir xil bo‘lganmi yoki murabbiy sifatida rivojlanganing sari u ham sayqallanganmi?

— Sizlar balki mening futbolchilik faoliyatimni bilmassiz, biroq o‘sha davrda men istalgan pozitsiyada to‘p tepishga tayyor futbolchi edim. Men chap va o‘ng qanot, markaziy himoya, yarimhimoya, vinger, 10-raqam hamda 8-raqam pozitsiyalarida ham o‘ynab chiqqanman. Faqatgina darvozabon va strayker rolida o‘ynamaganman. Zero men jamoa o‘yinchisi edim. O‘sha jamoa uchun ba’zida zaxirada o‘tirishimga ham to‘g‘ri kelardi. Shunday ekan, men qo‘l ostimdagi yigitlar his qilishi mumkin bo‘lgan har qanday narsani bilaman. Jamoa deganimda nafaqat futbolchilar, balki muxlislarni ham nazarda tutyapman. Barchalari men uchun muhim.

Mavsum yarmida kelar ekansan, o‘zing uchun nimalarni asosiy maqsad qilib qo‘ygansan?

— Bizga vaqt kerakligini bilamiz, biroq o‘sha vaqtni yuta bilish o‘zimizning qo‘limizda. Vaqtdan yutish uchun esa jamoaga g‘alabalar kerak. Lekin men uchun eng muhimi bu — o‘ziga xoslik. Birinchi kundanoq biz o‘z uslubimiz bilan ishlay boshlaymiz. Albatta, uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz, biroq eng asosiysi, biz o‘z o‘yin modelimizni qurish ustida ishlaymiz. Qanday o‘ynashimiz, qanday pressing qilishimiz — mayda narsalar, biroq mana shularsiz iloji yo‘q. Xullas, birgina gapda tushuntirishim kerak bo‘lsa, mening birlamchi maqsadim o‘z uslubimizni shakllantirishdir.

Yana bir necha kunlardan keyin sening «Manchester Yunayted»dagi dastlabki bellashuving bo‘lib o‘tadi. «Old Trafford»dagi debyutingni anavi tribunada turgancha kuzataman. «Manchester Yunayted» muxlisi sifatida Ruben Amorim qo‘l ostidagi jamoamdan qanday o‘yin kutishim kerak?

— Aytish qiyin. Senga chiroyli gaplarni aytgim kelyapti, lekin men samimiy insonman. Menimcha, sen g‘oyani ko‘rasan. Senga yoqadimi yoki yo‘q, bilmadim. Lekin uni ko‘rasan. Sen joylashuvni ko‘rasan va kelgusida nima shakllantirmoqchi ekanligimizni anglaysan. Lekin bir narsani qabul qilishimiz kerakki, birinchi uchrashuvgacha atigi 2ta mashg‘ulot o‘tkazamiz, xolos. Va bu — dunyoning eng yaxshi ligasi. Lekin yana senga kafolat berib aytamanki, g‘oyamizni dastlabki o‘yinimizdayoq ko‘ra boshlaysan.

Agar g‘oyani ko‘ra olsak, uni sabr bilan kutishga tayyormiz. Tushunib turibmizki, bu — uzoqni ko‘zlangan loyiha. Sening yangi jamoangda juda yosh futbolchilar bor: Kobbi, Amad, Garnacho, Rasmus, Leni. Bu kabi katta potensialli futbolchilaring borligidan xursandmisan?

— Albatta. Men bu yigitlar yosh ekanligi uchun bizga vaqt kerak demayman. Ular tayyor. Ular «Manchester Yunayted» darajasida o‘ynash talabini bajara oladigan futbolchilar. Ular shu yerdalarmi, bunday bo‘lishga majburlar. Biz o‘yinlar orqali o‘zimizga vaqt yutishimiz, birinchi kundan yangi uslub borasidagi qo‘rquv va unga moslashmaganligimiz haqida o‘ylamasdan maydonda harakat qilishimiz kerak. Bu haqida men o‘ylamayapman ham. Ular nima bo‘lgan taqdirda ham, birinchi kundanoq bizning g‘oyamiz bilan harakatlana boshlaydilar. Mana shu — bizning maqsad.

Yaxshi, kel stadion haqida gaplashamiz. Kecha Jyeyson bilan — biz uni «Mister Manchester Yunayted» deb ataymiz — bu yerda tur o‘tkazding. Ushbu kun haqida nima deya olasan?

— Bu yer boshqacha. Ha, Karringtonda ham klub aurasini his qilasan, biroq «Old Trafford» umuman boshqacha. Titullarni va klub sifatidagi fojiamizni ko‘rasan. Tarixni, ayniqsa o‘sha dahshatli aviahalokatdan keyin oyoqqa turib yaratilgan tarix juda ajoyib va biz jamoamizga mana shunday merosni singdira olishimiz kerak. Bu klubga futbolchilar kelar ekan, xuddi men bilan bo‘lganidek Jyeyson hamrohligida mana shunday turni o‘tkazishlari kerak. Bu juda muhim unsur, ular bu «Manchester Yunayted» ekanligini his qilishlari kerak. Tushunaman, uzoq yillardan beri yutqazaversang, buni yo‘qotishni boshlaysan. Shunday ekan, sen futbolchilarga yo‘llayotgan gaplaringdagi fikrlar borasida juda ham aniq ishlashing kerak. Shuning uchun ham, barcha futbolchilarni mana shunday turlar orqali ushbu hisni qayta tiklashga majbur qilishimiz kerak.

Demak, sen tarix jamoani ilhomlantirishi kerak, deb hisoblaysan?

— Bunisi aniq. Mana shuning uchun ham biz «Manchester Yunayted»miz. Mana necha yildirki, biz Premer-ligani yutmadik, biroq istalgan insondan so‘rasang ham biladi: «Manchester Yunayted» — Premer liganing eng yaxshi klubi. Balki, hozir o‘z tariximizga xos natijalar qayd etmayotgandirmiz, lekin futbolchilardagi bu muammoni e’tirof etishimiz va uni o‘zgartirib, g‘alaba qozonishni boshlashimiz kerak.

Kel, sening barcha «Manchester Yunayted» muxlislariga yo‘llaydigan fikrlaring bilan buni yakunlaymiz.

— Bu — katta ma’suliyat. Avvalo, men bu yerdaligimdan faxrlanaman. Bu men uchun yagona yo‘l edi, chunki bu klub qanchalik katta ekanligini his qila olaman. Men jamoa uchun barcha ishni qilaman. O‘z futbolchilarimni barchadan himoya qilaman, agar shu lozim bo‘lsa. Bu men uchun muhim. Va ushbu klubni o‘zi munosib bo‘lgan joyga qaytarish uchun qo‘limdan kelganini qilaman.

Omad.

— Katta rahmat.

Abdulbasit Valixonov tarjimasi

Mavzuga oid