O‘zbekiston | 16:53 / 22.11.2024
3352
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi

U fuqarolar ishonchiga kirib, zarur bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirish hamda viza olishda yordam berishni va’da qilgan

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Buyuk Britaniyaga ishga yuborish uchun 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi.

Qayd etilishicha, DXX Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbirda Namangan viloyatining Kosonsoy shahrida yashovchi 26 yoshli U.S. Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi to‘rt nafar fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zining mansabdor tanishlari orqali ularni Buyuk Britaniya davlatiga ishlash uchun yuborish va buning uchun zarur bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirish hamda viza olishda yordam berishini va’da qilgan.

U o‘z xizmati evaziga 12 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent shahrida Angliyaga pul evaziga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlangan edi. Shuningdek, Namangan va Samarqandda AQShga ishga yuborishni va’da qilib, 5 hamda 18 ming dollardan pul olgan shaxslar qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid