O‘zbekiston | 12:02 / 22.11.2024
4929
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi vatandoshlarga minnatdorchilik belgisi – O‘zbekistonda «Vatandosh» kartasi joriy qilindi

O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, xayriya faoliyatini amalga oshirayotgan xorijdagi vatandoshlarga minnatdorchilik belgisi sifatida «Vatandosh« guvohnomasi beriladi. 5 yil muddatga beriladigan «Vatandosh» kartasi orqali O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish-chiqish, ko‘chmas mulk sotib olish, mehnat faoliyati va boshqa ko‘plab davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin.

20 noyabr kuni 397-sonli prezident qarori bilan ««Vatandosh» guvohnomasi va «Vatandosh» kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi to‘g‘risida Nizom» tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.

Nizom bilan O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarga «Vatandosh» guvohnomasini va «Vatandosh» kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi belgilandi.

«Vatandosh» guvohnomasi — xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag‘batlantirish shakli bo‘lib, yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan, respublikada xayriya (metsenatlik) faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorchilik va tashakkur belgisi hamda «Vatandosh« kartasini olish uchun asos hisoblanadigan hujjat.

Vazirlik va idoralar tomonidan taklif va tashabbus asosida guvohnoma berish bo‘yicha taqdim etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun Komissiyaga tavsiyanoma kiritiladi.

«Vatandosh» kartasi — guvohnoma asosida 5 yil muddatga (vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan oshmagan holda) beriladigan hamda O‘zbekiston hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi ID karta shaklidagi hujjat;

Kartaga ega vatandoshlarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish;
  • mamlakat hududida ko‘chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan ko‘chmas mulkning miqdorlari tatbiq etilmaydi va O‘zbekistonda yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
  • xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish;
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish.

Karta egalarining oila a’zolariga (ota-onasi, er (xotini) va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • amaldagi viza muddatini uzaytirishda O‘zbekiston hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik viza olish;
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
  • vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish.

Mavzuga oid