Jahon | 14:38 / 23.11.2024
3743
10 daqiqa o‘qiladi

AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Yaqin Sharqdagi vaziyat

Isroil armiyasining G‘azo sektorida amalga oshirgan hujumlari natijasida kamida 17 kishi halok bo‘ldi, ko‘plab odamlar yaralandi. G‘azo shahridagi «Al-Ahliy» baptistlar shifoxonasi rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, Shujayye mahallasini bombardimon qilish ortidan, shifoxonaga sakkizta jasad va bir qancha jarohatlanganlar olib kelingan.

Isroil armiyasi Bayt Lahiyadagi Kamol Advan shifoxonasiga ham yana bir bor hujum uyushtirgan.

Isroil armiyasi Livan poytaxti Bayrutning janubiy Dahiya hududiga bir qator kuchli aviahujumlar amalga oshirdi.

Livanning rasmiy NNA axborot agentligi xabariga ko‘ra, 22 noyabr, juma kuni Hadis mahallasi bombardimon qilingan.

Avvalroq, Isroil armiyasi matbuot kotibi Avihay Adrai Livandagi Hades va Hurayk mahallalariga qaratilgan evakuatsiya talablari va havfli binolar xaritasini e’lon qilgan edi.

Bunday tinim bilmas hujumlar G‘azo va Livandagi vaziyatni yanada keskinlashtirib, insonparvarlik inqirozi xavfini kuchaytirmoqda.

Hamas AQSh vetosidan norozi

Hamas AQShning BMT Xavfsizlik kengashida G‘azoda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, mahbuslarni ozod qilish va ocharchilikning oldini olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaga to‘rtinchi marta veto qo‘yishini «genotsidni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tajovuzkor qaror», deya baholadi.

«Bu qaror AQSh Isroilning faqat G‘azo sektoridagi hujumlari, bolalar va ayollarning qirilishi, tinch aholi hayotining vayron bo‘lishini qo‘llayotganini emas, balki genotsid va etnik tozalash jinoyatlarida ham bevosita javobgar ekanini tasdiqlaydi», — deyiladi harakat bayonotida.

Hamas AQShning rezolyutsiyaga vetosi G‘azo sektoridan Isroil qo‘shinlarini olib chiqish va falastinliklarni humanitar inqirozdan qutqarishga qaratilgan urinishlarga to‘sqinlik qilishini keskin qoraladi. Bayonotda ta’kidlanishicha, G‘azo, ayniqsa uning shimoliy qismida bir necha oydan beri davom etayotgan hujumlar AQSh qo‘llovida amalga oshirilmoqda.

Hamasga ko‘ra, AQSh bu qarori bilan Isroilning harbiy harakatlarini yanada avj oldiradi hamda G‘azoda davom etayotgan humanitar falokatga sharoit yaratadi.

Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi

Isroilda bir qator nodavlat tashkilotlar milliy xavfsizlik vaziri, ultrao‘ng millatchi Itamar Ben-Gvirni iste’foga chiqarishni talab qilib, Oliy sudga murojaat qilgan.

Bosh prokuror Gali Baharav-Miara bosh vazir Binyamin Netanyahuga xat yo‘llab, Ben-Gvirni lavozimidan bo‘shatishni taklif qildi. Bosh prokuror vazirni politsiya ishlariga siyosiy aralashuvda, kadr masalalarini siyosiylashtirishda va huquq-tartibot idoralari neytralligini buzuvchi ko‘rsatmalar berganlikda aybladi.

Ben-Gvir bu ayblovlarni rad etdi va bosh prokurorni siyosiy manfaatlarga xizmat qilishda ayblab, uning iste’fosini talab qildi. Agar uning partiyasi «Otsma Yyehudit» hukumatdan chiqib ketsa, Netanyahu Knessetdagi ko‘pchilikni yo‘qotishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, agar Oliy sud Ben-Gvirni lavozimidan bo‘shatishni talab qilsa va Netanyahu bu qarorni rad etsa, Isroil konstitutsiyaviy inqiroz ostonasida qolishi mumkin.

Netanyahuni ushlashga rozi davlatlar

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan Haagadagi Xalqaro jinoyat sudining orderi chiqarilgani e’lon qilingach, ko‘plab davlatlar uni ushlab sudga topshirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Xalqaro jinoyat sudi orderini qo‘llab-quvvatlagan davlatlar qatorida quyidagilar bor:

Ispaniya, Belgiya, Niderlandiya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Irlandiya, Avstriya va Shveytsariya.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Haaga sudining qarorini bajarish Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar uchun majburiy ekanini ta’kidladi.

Albatta, orderga qarshi chiqqan davlatlar ham bor. XJS qarorini qoralagan davlatlar hozircha ikkita: AQSh va Vengriya.

Donald Trampning bo‘lajak ma’muriyati uchun milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi etib tanlangan Mayk Uols Haaga sudiga qarshi «AQShning keskin munosabati»ni va’da qildi.

Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar

AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirib, Gazprombank doxil yana 50 dan ortiq banklarni, shuningdek, bir qator yuqori martabali moliyaviy amaldorlarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

AQSh Moliya vazirligi qoshidagi Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning kengaytirilganini e’lon qildi. Yangi ro‘yxatga 50 dan ortiq Rossiya banklari, 40 qimmatli qog‘ozlar reyestratori va moliya sohasidagi 15 shaxs kiritildi.

Jumladan, Gazprombank va uning olti xorijiy filiali sanksiyalarga tushgan. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu bank Rossiyaning harbiy jihozlarni xarid qilish va harbiylarga to‘lovlar amalga oshiriladigan asosiy moliyaviy kanal hisoblanadi. Avvalroq Gazprombank Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada va Yangi Zelandiya sanksiyalariga ham tushgan edi.

Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligi AQSh fuqarolariga Gazprombank orqali Rossiyaning xorijdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari bilan bog‘liq tranzaksiyalarni amalga oshirishga ruxsat berdi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga bir necha boshqa banklardan tashqari Rossiya Markaziy bankining yuqori martabali xodimlari, jumladan, birinchi o‘rinbosarlar Vladimir Chistyuxin va Dmitriy Tulin, rais o‘rinbosari Olga Polyakova ham sanksiyalarga tushgan. Shuningdek, VTB bankining Xitoydagi bir nechta xodimlari ham ro‘yxatga kiritilgan.

Gazprombank 2014 yildan beri AQSh va Yevropa Ittifoqining sektorli sanksiyalari ostida bo‘lib, unga uzoq muddatli moliyaviy resurslarga kirish taqiqlangan. 2022 yilda esa Gazprombank rahbarlariga AQShga kirish taqiqlangan.

Askar evaziga texnologiya

Shimoliy Koreya o‘z askarlarini Ukrainadagi urushga yuborgani evaziga Rossiyadan havo hujumidan mudofaa vositalari va zenit raketalari olgan. Bu haqda Janubiy Koreya milliy xavfsizlik maslahatchisi Shin Von Sik ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Pxenyan yaqin orada Moskvadan sun’iy yo‘ldosh dasturlarini rivojlantirish uchun harbiy texnologiyalar ham qo‘lga kiritadi.

BBC xabariga ko‘ra, Rossiya bugungi kungacha KXDRga 1 million barreldan ortiq neft yetkazib bergan. Ekspertlarning fikricha, bu neft Ukrainadagi shimoliy koreyalik askarlarga xizmat haqi sifatida qo‘llanmoqda.

Zelenskiyga ko‘ra, Rossiyaga yuborilayotgan Shimoliy Koreya qo‘shinlarining soni kelgusida 100 ming nafarga yetishi mumkin.

AQSh yadro strategiyasini o‘zgartirdi

Qo‘shma Shtatlar «yadroviy dushmanlarning ko‘payishi» fonida o‘z yadroviy tiyib turish strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi.

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy va Rossiya yadroviy salohiyatini oshirayotgani, shuningdek, yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha kelishuvlarning yo‘qligi yangi strategiya zarurligini kun tartibiga qo‘ygan.

Mudofaa vazirining yordamchisi o‘rinbosari Richard Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, «2030 yillarga tayyor bo‘lish uchun» AQSh o‘z yadroviy kuchlari va infratuzilmasini modernizatsiya qilishi kerak. Strategik o‘zgarishlar doirasida yadroviy suvosti kemalarining tayyorgarligi kuchaytirilgan.

19 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatga qilingan hujumga yadroviy javob berish huquqini kuchaytiruvchi yangi yadroviy doktrina tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, yadroviy bo‘lmagan ommaviy hujum holatida ham Rossiya yadroviy zarba berish huquqiga ega bo‘ladi.

Rossiyaga migrantlar zarur

Rossiya migrantlarga muhtoj. Demografik vaziyatning yomonlashuvi fonida Rossiya mehnat bozorida ishchi kuchi yetishmovchiligi yuzaga kelmoqda. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 22 noyabr kuni mehnat migratsiyasining ahamiyati haqida shunday bayonot berdi:

«Migrantlar — bu zarurat. Mamlakatimiz juda katta, ammo aholi soni oz. Bizga ishchi qo‘llar kerak», — degan Peskov.

Shu bilan birga, u mehnat migratsiyasiga oid jinoyatlarning oldini olish maqsadida, bu borada qat’iy tartib o‘rnatilishi lozimligini qo‘shimcha qildi.

Rossiyada mehnat bozoridagi tanqislik keskin kuchaygan. Hh platformasining iyul oyidagi hisobotiga ko‘ra, mamlakatda vakansiyalarning uchdan ikki qismida yetarli nomzodlar topilmagan. Har ikkinchi lavozim bo‘yicha ishchi kuchi yetishmayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

Shunga qaramay, mamlakatning 20 ga yaqin hududida gubernatorlar migrantlar faoliyatini cheklash bo‘yicha choralarni kuchaytirmoqda. Masalan, Novosibirsk oblastida xorijliklarga bolalar bog‘chasida ishlash taqiqlangan, Saxalinda migrantlarga taksichi bo‘lish va umumiy ovqatlanish hamda savdo sohalarida ishlash man qilingan.

Avvalroq Rossiya kompaniyalarining 53 foizi ishchi kuchi yetishmovchiligidan shikoyat qilayotgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid