O‘zbekiston | 16:40 / 23.11.2024
8852
2 daqiqa o‘qiladi

Propan narxi keskin oshib ketgani yuzasidan mas’ul idoralarga deputatlik so‘rovi yuborildi

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Energetika vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Bosh prokuraturadan tushuntirish so‘ramoqda.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasi yonilg‘i quyish shoxobchalarida propan narxi keskin oshib ketganligi yuzasidan mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yubordi.

Qayd qilinishicha, propan narxi oxirgi oylar davomida ikki barobar qimmatlashgan bo‘lib, bu holat «ko‘plab iste’molchilar uchun iqtisodiy-ijtimoiy muammolar keltirib chiqarmoqda».

«Mazkur holat nafaqat bozor mexanizmlari shaffofligini ta’minlash zarurligini ko‘rsatadi, balki kuz-qish mavsumida yonilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan ehtiyojning ortishi munosabati bilan logistika jarayonlarini yanada samarali tashkil etish, tannarx shakllantirishda shaffoflikni ta’minlash va bozorda noqonuniy harakatlarning oldini olish kabi dolzarb vazifalarni hal qilishni talab qiladi», deyiladi partiya xabarida.

Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi Energetika vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga propan narxi oshishi sabablarini aniqlash, aholiga aniq va asosli javob berish, narxlarni barqarorlashtirish hamda bu borada ta’sirchan choralar ko‘rish yuzasidan nuqtai nazarini bayon etish bo‘yicha deputatlik so‘rovlari yuborgan.

Mavzuga oid