Jahon | 19:58 / 24.11.2024
4881
3 daqiqa o‘qiladi

Eron uranni boyituvchi ilg‘or sentrifugalardan foydalanishni boshlaganini e’lon qildi

Eron buni Xalqaro atom energiyasi agentligi mamlakatga qarshi rezolyutsiya qabul qilganiga javoban amalga oshirdi.

Foto: picture-alliance

Eron uranni boyitishda qo‘llanadigan ilg‘or sentrifugalardan foydalanishni boshladi. Bu haqda mamlakat parlamenti raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibof ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati ushbu qadamni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Boshqaruvchilar kengashi uchrashuvida Eronga qarshi rezolyutsiya qabul qilganiga javoban tashlagan.

G‘olibof Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh va Fransiyaning yondashuvini siyosiylashgan va buzg‘unchi deb atadi.

MAGATE Boshqaruv kengashi joriy hafta Eronni yadroviy dastur bo‘yicha agentlik bilan to‘laqonli hamkorlik qilishga noloyiq deya topgan rezolyutsiyani qabul qilgan edi. Ta’kidlanishicha, MAGATE Eronni Tehron yaqinidagi obektlarda qayta ishlangan uran zarralari nima sababdan saqlanayotganini ishonarli dalillar bilan asoslashga chaqirgan.

Bundan tashqari, rezolyutsiya Eronni BMT kuzatuvchi organini ushbu yadroviy materialning hozirgi joylashuvi to‘g‘risida xabardor qilishga va MAGATE inspektorlariga mamlakatning barcha yadroviy inshootlariga kirishni ta’minlashga chaqiradi.

Rezolyutsiya, shuningdek, MAGATE bosh direktori Rafel Grossidan uzog‘i bilan 2025 yil bahoriga qadar Eron yadroviy dasturi bo‘yicha yangilangan baholashni taqdim etishni talab qiladi.

Avvalroq Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi bilan uchrashgandi. Grossi Eronga muzokaralar o‘tkazish uchun kelgan. U Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi va Eron yadroviy idorasi rahbari Muhammad Islom bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgan. 14 noyabr kuni MAGATE direktori mamlakat hududidagi bir nechta yadroviy obektlarga tashrif buyurib, Eron yadroviy dasturining rivojlanishi borasidagi to‘liq kartina bilan tanishgandi. Pizishkiyonning so‘zlariga ko‘ra, Eronning yadroviy dasturi faqat tinchlik maqsadlariga qaratilgan va MAGATEning barcha talablariga mos keladi.

Shuningdek, MAGATE Boshqaruvchilar kengashi G‘arbning Eronga qarshi rezolyutsiyasini qabul qilmasa, Tehron 60 foizgacha boyitilgan uran zaxiralarini oshirishdan bosh tortishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid