Jahon | 17:22 / 25.11.2024
3832
3 daqiqa o‘qiladi

Malida «Vagner»ning bir necha jangchisi o‘ldirildi

Yollanma jangchilar qo‘riqlayotgan nazorat-o‘tkazish punktiga «Al-Qoida» bilan aloqador guruh hujum uyushtirgani aytilmoqda.

Foto: AP

Malining markaziy qismida «Al-Qoida» xalqaro terrorchilik tashkiloti bilan bog‘liq bo‘lgan «Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin» guruhi a’zolari «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilariga hujum qildi, deb xabar bergan Associated Press jangarilar bayonotiga asoslanib. 

Hujum 21 noyabr kuni amalga oshirilgan. Bu haqdagi ma’lumotni agentlikka Mali xavfsizlik xizmatlaridagi manba tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vagnerchilar nazorat-o‘tkazish punktida turganida hujumga uchragan. U hujum oqibatida qurbonlar borligini aytgan, ammo ularning soniga aniqlik kiritmagan. 

Jangarilar bayonotida aytilishicha, «Vagner» XHK kolonnasi pistirmaga duch kelgan. Natijada, guruh ma’lumotiga ko‘ra, olti nafar yollanma jangchi o‘ldirilgan. 

Reuters agentligi Site Intelligence Group monitoring guruhiga tayanib, «Vagner» XHKning kamida yetti a’zosi hujum qurboni bo‘lgani haqida xabar bergan. Reuters ixtiyoriga kelib tushgan videoyozuvda avtomobil atrofida harbiy formadagi besh kishi jasadi yotgani ko‘ringan. Agentlik mazkur video haqiqiyligini tasdiqlay olmagan. 

Iyul oyida «Vagner» XHKning o‘nlab jangchilari Malida isyonchi tuareglar bilan qurolli to‘qnashuvda halok bo‘lgandi. Bir tomonda tuareglar, ikkinchi tomonda Mali hukumati qo‘shinlari hamda vagnerchilar turgan jang 25–27 iyul kunlari davomida bo‘lib o‘tgan. To‘qnashuv vaqtida hukumat qo‘shinlari va vagnerchilar pistirmaga tushib qolgan. Isyonchi tuareglar rahbariyati 54 nafar vagnerchi hamda malilik yetti nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. O‘z navbatida, BBC rus xizmatining muqaddam «Vagner» safida xizmat qilgan manbasi kamida 82 nafar yollanma jangchi halok bo‘lganini aytgan. «Vagner» shturm otryadining «Rusich» chaqiruv belgiligi sobiq komandiri ham qurbonlar soni 80 dan ortiqligi haqida aytgan. The Wall Street Journal nashri bu Afrikaga 2017 yilda yo‘l olgan rossiyalik yollanma jangchilarning eng yirik yo‘qotishi bo‘lganini qayd etgan.

Mavzuga oid