Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
Bozor yerosti avtoturargohga ega ekobozor va sovutkichli omborxonadan iborat qilib qayta quriladi. Loyihani o‘tgan hafta anons qilgan Yakkasaroy hokimi bozor hududida 4 yulduzli mehmonxona ham qurilishi va 150 mln dollarlik xorijiy investitsiya kirib kelishini aytgandi.
Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Askiya bozorining hududi va bino-inshootlari 20 dekabr kuni auksionda sotiladi.
Boshlang‘ich narx – 214,9 mlrd so‘m (yoki taxminan 16,8 mln dollar). E-auksion saytidagi ma’lumotga ko‘ra, bu narxni bozor aksiyadorlari belgilagan.
Auksion 20 dekabr kuni soat 10:00 da boshlanadi.
Sotilayotgan obektning umumiy maydoni 1,83 gektar bo‘lib, shundan 0,68 gektarda binolar joylashgan. Bino-inshootlarning umumiy maydoni – 7439 kv.m.
Real Excellent Valuation kompaniyasi 1 iyul kungi hisobotida Askiya bozorining bino-inshootlari bozor qiymatini 9 mlrd so‘mga, yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini esa 180 mlrd so‘mga baholagan.
Xaridor bozor faoliyatini saqlab qolgan holda uni qayta qurishi: kamida 3000 kvadrat metr maydonga ega ekobozor, kamida 1200 kvadrat metr maydonga ega muzlatkichli ombor va kamida 400 ta avtomobilga mo‘ljallangan yerosti avtoturargohini barpo etishi kerak bo‘ladi.
Qurilish tugagach, investor umumiy maydoni 42 sotix bo‘lgan ekobozor, muzlatkichli ombor va avtoturargohni – ularning qiymatidan qat’i nazar – bozor aksiyadorlariga tekinga topshirishi kerak. Buning evaziga investor qolgan 1,4 gektar maydonni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf eta oladi.
Askiya dehqon bozori loyiha hududidagi boshqa joyga ko‘chirilib, ish boshlamaguncha loyihani boshlashga ruxsat berilmaydi. Qurilish ishlari dehqon bozori faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmasdan, uning to‘liq funksionalligini saqlagan holda amalga oshirilishi lozim. Qurilish yakunlangach, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori bosqichma-bosqich ekobozor hududiga ko‘chiriladi.
Investor bozor hududidagi xususiy mulk egalari bilan muzokara o‘tkazib, kompensatsiya to‘lashi yoki kelishgan holda ularga teng qiymatli maydonlar ajratishi talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Askiya bozori hududi xususiy qo‘llarga berilishi 18 noyabr kuni ma’lum bo‘lgandi. Shu kuni tuman hokimi Nilufar Allabergenova hozirgi bozor o‘rnida ekobozor, sovutkich omborxona, yerosti avtoturargoh va 4 yulduzli mehmonxona qurish loyihasini taqdim etgandi.
Allabergenova loyiha investori auksion orqali aniqlanishini aytgan, lekin hokimlik bayonotidagi “loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi” degan jumla investorning kimligi allaqachon aniq bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlarga sabab bo‘lgandi. Chunki bu gap bilan obektni ehtimol ichki manbalar hisobidan barpo etishni ko‘zlagan investor sotib olishi mumkinligi istisno qilingan.
Mavzuga oid
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
23:26 / 18.12.2024