Jahon | 09:56 / 25.11.2024
13369
3 daqiqa o‘qiladi

TSAHAL: «Hizbulloh» Isroilga 250 ga yaqin raketa uchirdi

«Hizbulloh» Isroilning shimoliy va markaziy qismiga 250 ga yaqin raketa otdi, deya xabar beradi TSAHAL. Livan armiyasi markazlaridan biri Isroil hujumiga uchradi.

Foto: Violeta Santos Moura/REUTERS

Livanning «Hizbulloh» harakati Livandan Isroil shimoli va markaziga 250 ga yaqin raketa otdi. Bu haqda 24 noyabr, yakshanba kuni Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) ma’lum qildi.

Harakat vakillari, o‘z navbatida, birinchi marta Isroil janubidagi Ashdod harbiy-dengiz bazasiga «hujumkor uchuvchisiz uchoqlar yordamida» havo hujumini amalga oshirganliklarini aytishdi. «Hizbulloh»ning bildirishicha, raketalar va hujumkor uchuvchisiz uchoqlar Tel-Avivdagi «harbiy nishonga» ham zarba bergan. Bundan tashqari, Isroilning Tel-Aviv chekkasidagi Glilot harbiy razvedka bazasiga raketa zarbasi berildi.

Isroil harbiylari aniq nishonlar haqidagi ma’lumotga izoh bermadi.

AFP agentligining tibbiyot muassasalariga tayanib xabar berishicha, kamida 11 kishi jarohatlangan, jumladan, bir erkak - turli manbalarga ko‘ra, uning ahvoli «og‘ir» yoki «o‘rtacha» deb baholangan.

Tel-Aviv yaqinidagi Petah-Tikvadan olingan kadrlarda shikastlangan va yonib ketgan mashinalar, shuningdek, vayron bo‘lgan uy aks etgan.

Livan armiyasi markaziga hujum

Ayni paytda, AP agentligiga ko‘ra, Isroilning Livan armiyasi markazlaridan biriga bergan zarbasi natijasida bir askar halok bo‘lgan, yana 18 nafari yaralangan.

Isroil harbiylari voqeadan afsusda ekanini aytib, zarba «Hizbulloh»ga qarshi jangovar zonada amalga oshirilgani va dastlab Livan harbiylari emas, balki harakat jangchilari nishonga olinganini ma’lum qildi. Hodisa tahlil qilinmoqda, deya qo‘shimcha qildi TSAHAL.

Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi to‘qnashuvlar boshlanganidan beri Isroilning zarbalari natijasida 40 dan ortiq Livan askari halok bo‘ldi, deb eslatadi AP.

Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Isroil bilan muntazam siyosiy muloqotni to‘xtatishni taklif qilmoqda. Bunga asos sifatida mustaqil xalqaro tashkilotlarning ilgari e’lon qilingan hisobotlarida Isroil inson huquqlari va xalqaro gumanitar qonunlarni buzayotgani ta’kidlangan, dedi Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi vakillari 13 noyabr kuni kechqurun dpa'ga.

Agentlik, shuningdek, YeI bosh diplomatining og‘zaki e’lon qilgan tashabbusi YeIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilinishini ma’lum qildi. Isroil bilan siyosiy muloqot 2000 yilda tuzilgan Assotsiatsiya shartnomasi deb ataladigan hujjat bilan tartibga solinadi. Unda boshqa narsalar qatori, tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar inson huquqlari va demokratiya tamoyillariga hurmatga asoslanganligi belgilab qo‘yilgan.

Mavzuga oid