Jahon | 12:07 / 26.11.2024
3339
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda 85 ming ayollar va qizlar femitsid qurboniga aylandi

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har 10 daqiqada bir ayol o‘z sherigi yoki qarindoshi tomonidan o‘ldiriladi. Oiladagi zo‘ravonlikdan o‘limning eng yuqori ko‘rsatkichlari - Afrikada.

Foto: Janara Karimova

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 85 mingga yaqin ayollar va qizlar femitsid qurboni bo‘lgan. Ularning 51 mingga yaqini (60 foizi) sheriklari yoki boshqa oila a’zolari tomonidan qasddan o‘ldirilgan. Bu dunyo bo‘ylab har 10 daqiqada bir ayol yoki qiz oiladagi zo‘ravonlikdan halok bo‘lishini anglatadi, deya ma’lum qildi 25 noyabr, dushanba kuni BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha Venadagi boshqarmasi.

Eng yuqori ko‘rsatkichlar - Afrikada, eng pasti - Yevropada

O‘tgan yili sheriklar va oila a’zolari tomonidan ayollarni o‘ldirishning eng yuqori ko‘rsatkichlari Afrikada (100 ming ayolga 2,9 holat), undan keyin Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerika hamda Okeaniyada qayd etilgan. Yevropada bu ko‘rsatkich eng past bo‘ldi va har 100 ming ayolga 0,6 holatni tashkil etdi.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan e’lon qilingan bayonotda tashkilot qat’iy qonunchilik va jabrlanganlar haqida ma’lumotlarni yaxshiroq to‘plashni talab qildi.

Hukumatlar ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda kattaroq majburiyatlarni olishlari kerak, deya ma’lum qildi BMT. Shuningdek, xotin-qizlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga ko‘proq mablag‘ ajratish va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka mutlaqo toqat qilmaslik madaniyatini shakllantirish zarur.

Mavzuga oid