Iqtisodiyot | 15:57 / 26.11.2024
4001
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt Sirdaryoda ko‘p qavatli uylar qurishi mumkin

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Kuvaytning AlJaber Group Holding, Biomedix Medical Group Co., Advanced Medical German Co., Gulf Care General Trade.Co (GCS) singari yirik kompaniyalari vakillarining Sirdaryo viloyatiga biznes missiyasi tashkil etildi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga kura, safar chog‘ida Sirdaryo viloyati hokimining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Xo‘jamov va Boyovut tumani hokimi bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar chog‘ida Sirdaryo viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan sarmoyaviy muhit, hududdagi mavjud infratuzilma holati, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bo‘yicha ma’lumotlar kuvaytlik investorlarga taqdim etildi.

Sirdaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, asosiy drayver sohalari bo‘lgan turizm va qishloq xo‘jaligi xususida batafsil ta’kidlandi. Tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida Boyovut tumani markazida ko‘p qavatli uylar qurish, xizmat ko‘rsatish markazlari barpo etish, tibbiy laboratoriya tashkil etish, ekoturizm korxonalarini ochish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida G2B va B2B formatlarida muzokaralar uyushtirildi. Ularda O‘zbekiston va Kuvayt ishbilarmon doira vakillari kelgusidagi sheriklikning amaliy jihatlarini muhokama qilindi.

Kuvayt vakillari, shuningdek, joylarga chiqqan holda Boyovut tumanining salohiyati va taklif etilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Mavzuga oid