Livanda otashkesim kelishuvi, Netanyahuga oliy jazo so‘ragan oyatulloh va yahudiy rohib o‘limiga daxldor o‘zbeklar - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Livanda otashkesim kelishuvi
Isroil hukumati Livandagi «Hizbulloh» bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi dastlabki kelishuvni ma’qulladi, deb xabar bermoqda Ynet va CNN manbalari.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu kelishuvni umumiy qoidalar bo‘yicha qo‘llab-quvvatlagan, ammo ayrim tafsilotlarga e’tirozlar bildirgan. Ushbu e’tirozlar Livan hukumatiga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Kelishuv yakuniy tasdiqlanishi uchun uni Isroil vazirlar devoni ham ma’qullashi kerak.
Ynet ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar ketayotgan chog‘da «Hizbulloh» Isroilga 255 dan ortiq raketa uchirishi tufayli ziddiyat yanada kuchaygan. AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Amos Hohshteyn Livan tomoniga Isroilning o‘t ochishni to‘xtatishga rozi ekanligini ma’lum qilgan. U shuningdek, agar kelishuvga erishilmasa, AQSh muzokaralarda vositachilik qilishni to‘xtatishini bildirgan.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, kelishuv 60 kunlik o‘tish davrini o‘z ichiga oladi. Bu vaqt davomida Isroil harbiylari Janubiy Livandan chiqib ketadi, Livan armiyasi chegaraga yaqin hududlarda joylashtiriladi, «Hizbulloh» esa og‘ir qurollarini Litani daryosi shimoliga ko‘chiradi. Bu jarayonlarni nazorat qilish uchun AQSh rahbarligida maxsus qo‘mita tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
2024 yil sentabr oyida Isroil Janubiy Livanga cheklangan quruqlik hujumlarini boshlab, havo zarbalari orqali «Hizbulloh» infratuzilmasini yo‘q qilishga urinishni davom ettirdi. O‘tgan yildan buyon Isroilning zarbalari natijasida Livanda 3754 kishi halok bo‘lgan, 15 ming 626 kishi yaralangan. Bulardan tashqari, 1,4 milliondan ortiq livanlik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan, 610 ming kishi Suriyaga qochib o‘tgan.
Oyatulloh Netanyahuga oliy jazo so‘radi
Eronning oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga nisbatan Xalqaro jinoiy sud tomonidan chiqarilgan hibsga olish orderini yetarli emas deb, uning o‘rniga o‘lim jazosi tayinlanishi kerakligini ta’kidladi.
«Sionistik rejim G‘azoda harbiy jinoyat sodir etdi. Hibsga olish orderi yetarli emas. Netanyahu va bu rejimning jinoiy rahbarlari o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerak», — dedi Xomanaiy «Basij» harakati a’zolari bilan uchrashuv vaqtida.
Eron o‘tgan oygi bombardimonlar uchun Isroilga o‘z javobini tayyorlamoqda. Bu haqda Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning katta maslahatchisi Ali Larijoniy Tasnim axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Harbiy amaldorlar Isroilga javob berishning turli strategiyalarini rejalashtirmoqda», — dedi Larijoniy.
26 oktyabr kuni Isroilning harbiy samolyotlari Eronning uchta harbiy obektiga zarba bergan edi. Isroil va AQSh rasmiylarining aytishicha, ushbu zarbalar Rossiya tomonidan yetkazilgan so‘nggi uchta S-300 zenit-raketa tizimlarini ishdan chiqarib, mamlakatni «himoyasiz» holatda qoldirgan.
Bu hodisalardan bir necha hafta avval Eron Isroilga taxminan 200 ta ballistik raketa uchirgan edi.
Yahudiy rohib o‘limiga daxldor o‘zbeklar
BAA Ichki ishlar vazirligi isroillik rohib Tsvi Koganning o‘limi bo‘yicha uch nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Gumonlanuvchilar sifatida Kenjaboyev Mahmudjon Abdurahim o‘g‘li, Ismoilov Azizbek Komilovich va Davlatyorov Olimboy Tohirovich ko‘rsatilgan. Ular qo‘lga olingan holda tarqatilgan fotosuratlarda ko‘zi bog‘langan va qo‘l-oyog‘i kishanlangan ko‘rinishda tasvirlangan.
Ish bo‘yicha ayblovlar hali aniqlashtirilmagan bo‘lsa-da, tergov prokuraturaga oshirilgan. Shuningdek, jinoyatning sabablari haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
28 yoshli Tsvi Kogan 21 noyabr kuni bedarak yo‘qolgan edi. Uning jasadi 24 noyabr kuni Dubayda topildi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, Tsvi Kogan BAA rezidenti bo‘lib, Moldova fuqarosi ham edi. U bir necha yildan beri BAAda yashab, Nyu Yorkdagi yahudiylarning «Chabad» harakati bilan hamkorlikda jamoat ishlari bilan shug‘ullangan.
NATO urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
NATO Harbiy qo‘mitasi raisi, admiral Rob Bauer Rossiyaga nisbatan alyansning strategiyasi o‘zgarganini ma’lum qildi. «Biz havo hujumidan himoya tizimlariga va uzoq masofadan aniq zarba berishga mo‘ljallangan qurollarga ko‘proq sarmoya kiritishimiz kerak», — dedi u.
«Ilgarigi g‘oya shunda ediki, biz mudofaa alyansimiz va shu sababli faqat o‘tirib, bizga hujum qilishlarini kutishimiz kerak edi. Lekin aqlliroq yo‘l Rossiya bizga hujum qilganda faqat zarbalarni qaytarish emas, balki Rossiyaning o‘zining «kamonchisi»ga ham zarba berishdir», — degan Bauyer.
Harbiy mulozimga ko‘ra, NATO mudofaa alyansi, shu sababli birinchi zarbani qabul qilishga majbur. Ya’ni hujumni Rossiya boshlaydi, NATO Rossiyaga shunchaki hujum qilmaydi.
«Ukrainadan olgan saboqlarimizdan biri shundaki, bizga havo hujumidan himoya tizimlari zarur, shu bilan birga, uzoq masofali aniq qurollarga sarmoya kiritamiz. Kuchayish uchun biz ko‘proq va yaxshiroq ishlashimiz kerak bo‘lgan sohalar mavjud», — deya qo‘shimcha qilgan admiral.
Bauer Rossiya armiyasi soni 2022 yil fevral oyidagi keng ko‘lamli bosqin boshlangan chog‘dagidan ko‘proq ekanini, ammo sifati pasayganini qayd etdi. «Hozir rossiyaliklar 2022 yil fevral oyidagi kabi xavf tug‘dirmayapti, shuning uchun tayyorgarlik uchun vaqtimiz bor», — degan u.
Rob Bauer g‘arb davlatlaridagi yirik kompaniyalar rahbarlariga urush sharoitiga tayyorgarlik ko‘rishni hamda ishlab chiqarish va taqsimot zanjirlarini tegishli tartibda yo‘lga qo‘yishni tavsiya qildi.
Bauerning fikricha, strategik xavfsizlik masalalarida harbiy imkoniyatlar bilan cheklanib qolmaslik kerak. Iqtisodiy va infratuzilmaviy resurslar ham muhim rol o‘ynaydi. U Yevropa energiya taqchilligidan kelib chiqqan saboqlarni misol qilib, G‘arbning «Gazprom» bilan kelishuvlari aslida Rossiyaning strategik manfaatlariga xizmat qilganini eslatdi.
Shuningdek, Bauer G‘arb davlatlari Xitoydan mahsulotlar va resurslarga juda ko‘p bog‘lanib qolganini ta’kidladi.
Rossiyada migrantlarga navbatdagi taqiq
Rossiya Davlat Dumasiga migrant bolalar rus tilini bilishini tasdiqlovchi hujjatsiz maktabga qabul qilinmasligini nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi. Hujjat parlamentning quyi palatasi rasmiy saytida e’lon qilingan.
Qonun loyihasida «Rossiya Federatsiyasida ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish taklif etilgan. Unga ko‘ra, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning farzandlari rus tili bo‘yicha maxsus testdan o‘tishi shart qilinadi. Testdan o‘tolmagan bolalar maktabga qabul qilinmaydi.
Test tartibi va uning mezonlari Rossiya Ta’lim vazirligi va «Rosobrnadzor» tomonidan belgilanadi. Shuningdek, test sinovlari bepul o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Davlat Dumasi qonun loyihasini 10 dekabr kuni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. Agar qonun qabul qilinsa, u 2025 yil 1 apreldan kuchga kiradi.
Turkiyada Superjet yonib ketdi
Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasiga tegishli, Sochi shahridan uchgan Sukhoi Superjet 100 samolyoti Turkiyaning Antaliya shahri aeroportiga qo‘nganidan so‘ng yong‘in chiqdi.
Hodisa oqibatida samolyotdagi yo‘lovchilarning hech biri jabrlanmagan. Bortda bo‘lgan 95 kishi evakuatsiya qilingan. Samolyot komandiri tezkorlik bilan yo‘lovchilarni traplar orqali evakuatsiya qilishni tashkil etgan. Turkiyaning qutqaruv guruhlari yong‘inni tezda o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgan.
Xabarlarga ko‘ra, yong‘in noqulay ob-havo sharoitida qo‘nayotgan samolyotning qattiq qo‘nish chog‘ida shassisi ustuni qanotlardagi yoqilg‘i bakini teshib yuborgani tufayli kelib chiqqan. 2019 yilda Moskvaning Sheremetyyevo aeroportida ham xuddi shu sabab bilan «Aeroflot» aviakompaniyasining Sukhoi Superjet 100 samolyoti yonib ketgan edi. Mutaxassislar bu samolyotning shassisida muammo borligini ta’kidlashmoqda.
Xuddi shu samolyot Antaliyaga uchishdan avval Sochi-Samarqand-Sochi yo‘nalishida parvozni amalga oshirgan.
Mavzuga oid
15:24 / 23.12.2024
“Vertolyotda kelib, ko‘zimizni bog‘lab olib ketishdi” - BAAda hibsga olingan o‘zbekistonlik
13:18 / 23.12.2024
Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjesti
13:59 / 21.12.2024
Suvsiz qolayotgan g‘azoliklar, Polshaga borishdan cho‘chiyotgan Netanyahu va G‘arbiy Afrikaning yagona valutasi - kun dayjesti
14:33 / 20.12.2024