Jahon | 17:41 / 26.11.2024
20482
14 daqiqa o‘qiladi

«Putin doim hujumga tayyor, Tramp – tabiatan developer». Merkelning memuaridan parchalar

Germaniya sobiq kansleri o‘z memuarida Putin va Tramp bilan suhbatlarini eslagan, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini ma’qullashdan bosh tortganini izohlagan.

Guido Bergmann / Bundesregierung-Pool / Getty Images

Angela Merkel Rossiyaning javob harakatlaridan xavfsiragani uchun Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi jarayonini qasddan sekinlashtirgan, Vladimir Putin esa sovuq urushda AQSh g‘alaba qozonganini hech qanaqasiga hazm qilolmagan. Bu haqda Germaniya sobiq kansleri yozgan memuarning Die Zeit nashrida e’lon qilingan parchalarida yozilgan.

«Ozodlik: 1954-2021 yillardagi xotiralar» nomli kitob 26 noyabr kuni nashrdan chiqishi kutilmoqda.

Angela Merkel Germaniyani 2005 yil noyabridan 2021 yil dekabriga qadar 16 yil mobaynida boshqargan va dunyodagi eng qudratli va nufuzli siyosatchilardan biri sanalgan.

Ammo so‘nggi vaqtlarda uning siyosiy merosi shubha ostiga olindi. Ko‘pchilik Merkelning Rossiya bilan munosabatlardagi qat’iyatsiz pozitsiyasi ko‘p jihatdan Yevropadagi hozirgi ahvolga, jumladan, Ukrainadagi urushga olib kelgan, deb hisoblaydi.

Matbuot Merkelning o‘z boshqaruvi davridagi voqealar tasvirlangan memuarlari zamondoshlari hamda avlodlar oldida o‘zini oqlashga yordam berishi mumkinligi haqida yozgan. Boshqalarning fikricha esa, uning iqrorlari mutlaqo teskari effekt keltirib chiqarishi mumkin.

Merkel Ukraina haqida nimalar yozgan? Putin haqida-chi?

U o‘z xotiralarining muhim qismini Ukrainaga va ushbu mamlakatning NATOga kirishi borasidagi ikkilanishlariga bag‘ishlagan.

NATOning 2008 yil Buxarestda o‘tkazilgan sammitida g‘arb mamlakatlari yetakchilari AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jorj Bushning Ukraina va Gurjistonga alyansga «A’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi»ni taqdim etish bo‘yicha taklifini muhokama qilishgandi — ikki davlat qo‘shilishni so‘ragan dastur nomi shunday atalgan. Ammo Merkel Fransiya prezidenti Nikol Sarkozi bilan birgalikda bunga qarshi chiqishadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, A’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi yakuniy qarorni anglatmasa ham, baribir «ikki mamlakat uchun ham NATO a’zolik amalda ortga qaytmas majburiyat»ga aylangan bo‘lardi.

Men Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining NATOga iloji boricha tezroq a’zo bo‘lish istagini tushunardim, axir sovuq urush yakunlanganidan keyin ular g‘arb hamjamiyatiga a’zo bo‘lishga intilardi. Rossiya ular orzu qilgan narsalarni: erkinlik, o‘z taqdirini o‘zi belgilash va farovonlikni taklif qila olmasdi.

Shu bilan birga, NATO va unga a’zo davlatlar kengayishning har bir bosqichida alyans, uning xavfsizligi, barqarorligi va faoliyati uchun ehtimoliy oqibatlarni hisobga olishi lozim edi. Yangi a’zo qabul qilinishi nafaqat uning, balki NATOning xavfsizligini ham kuchaytirishi kerak. Aynan shuning uchun mamlakatlarni qabul qilish mezonlari mavjud, ular harbiy salohiyatdan tashqari a’zolikka nomzodning ichki tuzilishini ham inobatga oladi. Bu Ukraina va Gurjistonga ham talluqli edi.

Merkelning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mamlakatlardagi vaziyat allaqachon NATOga a’zo bo‘lgan mamlakatlardagidan «sezilarli darajada farq qilgan»: Ukrainada «chuqur bo‘linish» ro‘y bergan va alyansga a’zo bo‘lishni qo‘llab-quvvatlovchilar aholining ozchilik qismini tashkil etardi, Gurjistonda esa Janubiy Osetiya va Abxaziya bilan hududiy muammolar bor edi. Rossiyada veto huquqi bo‘lmasa-da, kansler Vladimir Putinning fikrini inobatga olish zarur deb hisoblagan.

Putinning nuqtayi nazarini tahlil qilib chiqmasdan, Ukraina va Gurjistonga nomzodlik maqomi berilishini men ehtiyotsizlik deb hisoblardim. Putin 2000 yilda o‘z mamlakatiga prezident bo‘lgan vaqtdan buyon u Rossiyaga xalqaro maydondagi o‘yinchi maqomini qaytarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi, buni hech kim, ayniqsa AQSh e’tiborsiz qoldira olmasdi. Uning maqsadi Rossiyada ham, boshqa joylarda ham demokratik tuzilmalarni qurish yoki samarali iqtisodiyot orqali barcha uchun farovonlik yaratishdan iborat emasdi. Aksincha, u AQSh sovuq urushdan g‘olib chiqqani faktiga nimanidir qarshi qo‘yishga intildi. U sovuq urush tugaganidan keyin ham ko‘p qutbli dunyoda Rossiya kuchning ajralmas markazi bo‘lib qolishini istardi. Bu maqsadga erishish uchun u birinchi navbatda xavfsizlik xizmatidagi o‘z tajribasiga tayandi.

Merkel 2007 yil 10 fevralda o‘tkazilgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasini eslagan — bu NATO sammitidan bir yil oldinroq bo‘lgandi, — unda Putin bir qutbli dunyoga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida nutq so‘zlagandi. Uning hikoya qilishicha, o‘shanda birinchi qatorda o‘tirgan va Rossiya prezidentini nutq vaqtida yaqindan ko‘rib turgandi.

U tez gapirdi, qisman improvizatsiya qildi va katta ehtimol bilan nutqining har bir so‘zini bo‘lmasa ham, katta qismini o‘zi yozgandi. Meni ayniqsa uning manmanligi g‘azablantirardi: o‘z atrofida — Tog‘li Qorabog‘da, Moldovada va Gurjistondagi hal qilinmagan mojarolar haqida biror so‘z yo‘q; NATOning Serbiyadagi amaliyotlarini tanqid qilgan — ammo serblar sobiq Yugoslaviya parchalanganda amalga oshirgan vahshiyliklar haqida gap yo‘q, Rossiyaning o‘zidagi vaziyat haqida lom-mim demagan.

Ammo men mutlaqo asossiz deb hisoblamaydigan jumlalar ham bor edi. Iroqdagi urushni tanqid qilishi adolatdan edi: Iroqda kimyoviy qurol mavjudligi haqida hech qanday dalil keltirilmagandi. Meni Yevropada odatiy qurolli kuchlar haqidagi shartnoma (DOVSe)ni moslashtirib bo‘lmagani ham xavotirga solardi. <…> Rossiya va xususan, AQSh o‘rtasidagi Moslashtirilgan shartnoma (DOVSe-A) ratifikatsiyasi bo‘yicha kelishmovchiliklar Gurjistonda rossiyalik harbiy kuzatuvchilar mavjudligi tufayli ham yuzaga kelgandi.

Merkel NATO a’zoligiga nomzod mamlakat maqomi Ukraina va Gurjistonni Vladimir Putinni (o‘z kitobida uni «doimo jazolashga tayyor» odam deb atagan) tiyib turuvchi mexanizm bo‘lishi va undan himoya qilishi haqidagi farazni «xomxayol» deb hisoblagan. Uning ta’kidlashicha, o‘sha vaqtda shartnomaning beshinchi moddasi Ukraina yoki Gurjistonga nisbatan buzilishi holatlari NATO tomonidan javob bo‘lishiga olib kelolmasdi. «NATOga a’zo davlatlar harbiy yo‘l bilan — moddiy vositalar bilan ham, qo‘shinlar bilan ham javob berishlari — va aralashishlari aqlga sig‘armidi? Federal kansler sifatida, qurolli kuchlarimiz bunda ishtirok etishi uchun Bundestagimizga murojaat qilishim va ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatloviga erishishim mumkinmidi?» — deya xotirlaydi Merkel o‘sha vaqtdagi mulohazalarini.

Yakunda, uning so‘zlariga ko‘ra, murosa yo‘li topilgan: Ukraina va Gurjiston nomzodlik maqomini olmagan, ammo Iroqda urush bo‘lib turgan mahalda alyansda parchalanish ham ro‘y bermagan.

Gurjiston va Ukraina uchun nomzodlik maqomi yo‘qligi ularning umidlaridan voz kechishini anglatardi. Putin uchun esa NATOning ushbu mamlakatlarning a’zoligi bo‘yicha umumiy va’dasi ular kelajakda a’zo bo‘lishining tasdig‘i, o‘ziga xos chaqiriqqa aylandi. Keyinroq, men detallarini eslolmaydigan boshqa kontekstda u menga shunday degandi: «Siz abadiy kansler bo‘lmaysiz. Va shunda ular [katta ehtimol bilan ukrainlar nazarda tutilgan – tahr.] NATO a’zosi bo‘ladi, men esa buning oldini olishni xohlayman». Men shunda o‘ylaganman: «Sen ham abadiy prezident bo‘lmaysan». Shunga qaramay, Buxarestda Rossiya bilan munosabatlar kelajagidagi keskinlik bo‘yicha xavotirlarim kamaymadi.

Merkel Buxarestdan uyga «aralash tuyg‘ular» bilan qaytganini eslaydi. «Chinakamiga katta mojaroga yo‘l qo‘yilmadi, ammo shu bilan bir vaqtda, NATOda Rossiya bilan hamkorlik bo‘yicha umumiy strategiyaga ega emasligimiz ma’lum bo‘ldi», — deya yozadi u.

Markaziy va Sharqiy Yevropada yashovchilarning ko‘pchiligida Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirishga umuman ishtiyoq yo‘q edi. Go‘yoki, ular bu mamlakat hech qachon mavjud bo‘lmagandek, shunchaki yo‘q bo‘lib ketishini xohlashgan. Men ularni buning uchun ayblay olmayman, chunki ular uzoq vaqt davomida sovetlar hukmronligi ostida ezilishgan va GDRdagidan farqli o‘laroq, 1990 yildan keyin ularga Germaniya Federativ Respublikasi bilan tinchlik va erkinlikda qayta birlashish nasib etmagan.

Ammo Rossiya o‘z yadroviy qurollari bilan mavjud edi. U mavjud va geosiyosatning ajralmas qismi sifatida mavjud bo‘lib qolmoqda, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya va Xitoy bilan bir qatorda BMT Xavfsizlik kengashining veto huquqiga ega doimiy a’zolaridan biri bo‘lgani uchun ham.

Merkelning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina NATOga a’zo bo‘lgan taqdirda, Putin shunchaki yangi holatni qabul qilishi va hech qanday chora ko‘rmasligini kutish soddalik bo‘lardi.

«G‘aflatda qolmaslik uchun doimo hushyor, doimo hujum qilishga tayyor turadigan, uyida kim xo‘jayinligini iti orqali yoki boshqalarni kuttirish bilan namoyish etadigan odam. Buning barini bolalikka yo‘yish va ma’qullamay bosh chayqash mumkin. Ammo Rossiya bu bilan dunyo xaritasidan yo‘qolib qolmaydi», — deydi Merkel.

Putin mehmoni itlardan qo‘rqishini bilgan, lekin muzokaralar xonasiga itini chaqirgan (Sochidagi uchrashuv, 2007 yil)

It bilan bog‘liq epizodda Merkel Putin bilan 2007 yil Sochidagi uchrashuvini nazarda tutgan, Rossiya prezidenti o‘shanda mehmoni itlardan qo‘rqishini bilaturib muzokaralar xonasiga o‘z itini chaqirgandi.

Tramp haqida

Merkel 2016 yilda AQShdagi prezidentlik kampaniyasini diqqat bilan kuzatgani va Hillari Klintonning g‘alabasini kutgani, ammo bir necha marta Germaniyani hamda Merkelning o‘zini ham tanqid qilgan Donald Tramp g‘alaba qozonganini eslaydi. Shunga qaramay, u hamkasbini saylangani bilan tabriklaydi, to‘rt oy o‘tib uchrashish uchun Vashingtonga boradi.

Oq uyda Tramp uni eshik oldida matbuot vakillari davrasida qarshi oladi va uning qo‘lini siqib qo‘yadi. Oval kabinetdagi yuzma-yuz suhbatdan oldin ular yana bir marta jurnalistlar qarshisiga chiqishadi, ular esa siyosatchilardan yana bir bor ko‘l berib ko‘rishishni so‘rashadi, ammo Tramp bu iltimosni e’tiborsiz qoldiradi.

Foto: AFP

Yakkama-yakka suhbat asosan ingliz tilida kechgandi, deb xotirlaydi Merkel. Tramp unga qator savollar bergan — jumladan, u kelib chiqishiga ko‘ra sharqiy germaniyalik ekani va Putin bilan munosabatlari haqida ham. «Aftidan, u Rossiya prezidentiga maftun edi. Keyingi yillarda menda shunday taassurot paydo bo‘ldiki, avtoritar va diktatorlikka moyil siyosatchilar uning uchun o‘ziga xos jozibardorlikka ega bo‘lgan», — deya yozadi Merkel.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat vaqtida Tramp Germaniyaga qator e’tirozlarini bildirgan (jumladan, mudofaa uchun NATOning 2 foizlik ko‘rsatkichidan past xarajat) va «qayta va qayta Germaniya u va Amerikadan qarzdorligi»ni uqtirgan. Merkel qayd etishicha, ular «turli darajada» gaplashgan: Tramp — hissiyotga berilib, uning o‘zi esa — faktlar va argumentlar keltirgan holda.

Suhbatlardan bir xulosaga kelgandim: Tramp bilan o‘zaro tushungan hamkorlik bo‘lmaydi. U barcha narsaga quruvchi, developer pozitsiyasidan qaraydi, qaysiki siyosatga kirib kelishidan oldin shug‘ullangan ishidagidek. Uning nazdida, har bir yer uchastkasini faqat bir marta sotish mumkin, agar u buni ololmasa, unda boshqa kimdir oladi. U dunyoni aynan shunday ko‘rardi: uning uchun barcha mamlakatlar raqobatlashadi, birining muvaffaqiyati boshqasining muvaffaqiyatsizligini anglatadi. U hamkorlik barchaning farovonligini oshirishiga ishonmasdi.

Sharqiy Germaniyadagi bolalik haqida

O‘z memuarlarida Merkel Germaniya demokratik respublikasida o‘tkazilgan bolalik va yoshlik chog‘larini ham yodga olgan.

«GDRda yashab, siz muntazam ravishda chegarada bo‘lasiz. Hatto agar kun mutlaqo sokin boshlangan bo‘lsa ham, agar birdan siyosiy chegaralarni buzsangiz, barchasi bir necha soniyada o‘zgarib ketishi mumkin. Davlat juda beshafqat edi», — deya yozgan u.

«Hayot aslida bu chegaralar qayerdan o‘tishini qanchalik muvaffaqiyatli tushuna olishingizga bog‘liq edi. Menga bunda biroz kelishuvchan xarakterim va pragmatik yondashuvim yordam bergan», — deya tan oladi Merkel xonim.

U o‘zining boshqalarga o‘xshamasligini his qilgan, «chunki, nima bo‘lganda ham, bu davlat uni yashashga, his qilishga va sezishga majbur qiluvchi narsadan: ma’lum darajadagi beg‘amlikdan mahrum qilmagan».

Mavzuga oid