Surxondaryoda yuqori sinflar uchun maktab binosi hokimlik aybi bilan bitkazilmayapti
Muzrabot tumanidagi 3-maktabning binolaridan biri yaroqsizligi tufayli yangidan qurilishi boshlangan. Rekonstruksiya ishlari salkam 1 yil davom etib, keyin to‘xtab qolgan, qachon yakunlanishi esa noma’lum. Kun.uz bilan suhbatda Maktab vazirligi vakili bunda tuman hokimligi aybdor ekanligini bildirdi.
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani Mehnatobod mahallasida joylashgan 3-maktabning bir guruh o‘quvchilari sportzal va fuqarolardan birining uyida tahsil olayotgani aks etgan video tarqaldi. Unda maktab 2008 yilda qurilgani, uning 4 ta sinfxonasi borligi va bu xonalarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tahsil olayotgani aytiladi. 2023 yilda esa maktabning yuqori sinflari uchun tuman hokimligi tomonidan yana bir bino qurilishi boshlangan, biroq uning qurilishi 1 yilga yetar-yetmay to‘xtab qolgan.
“Yetarli mablag‘ ajratilmagani uchun maktab qurilishi yakuniga yetkazilmagan”– vazirlik
Kun.uz holatga izoh olish uchun Maktabgacha va maktab vazirligi bilan bog‘landi. Vazir maslahatchisi Aziz Turdiyevning aytishicha, yaqoridagi video muhokamalarga sabab bo‘lgach tuman hokimi qarori bilan 5-11-sinf o‘quvchilarini hududdagi 5-maktabga vaqtincha ko‘chirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 3-maktabning quvvati 280 o‘quvchiga mo‘ljallangan, biroq uning o‘quvchilari hozirda 327 nafarni tashkil qiladi. Shundan 143 nafar o‘quvchi 1–4-sinflarda o‘qiydi, 184 nafari esa 5–11-sinflarda. Ta’kidlanishicha, 5-maktabning quvvati 600 o‘quvchiga mo‘ljallangan va unda hozirda 538 nafar bola tahsil olib keladi. O‘quvchilar ikki “smena”da tahsil olgani uchun 3-maktabning 184 nafar yuqori sinf o‘quvchilari bu yerga ko‘chirilgan va ular uchun 11 sinf xonasi ajratilgan.
3-maktabning ikki o‘quv binosi bo‘lib, ulardan 120 o‘rinlisi 2023 yildan ta’mirdan chiqarilgan. 160 o‘quvchiga mo‘ljallangan ikkinchi bino o‘rnida 180 o‘rinli bino qurilishi 2023 yilda boshlangan, biroq keyinroq to‘xtab qolgan.
Azizbek Turdiyev qurilish nima sabab to‘xtab qolganiga ham munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, tuman hokimiyati Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining maktab qurilishi qachon tugatilishiga oid savoliga javob bermagan.
“Yetarli mablag‘ ajratilmagani uchun maktab qurilishi yakuniga yetkazilmagan. Endi bitta chora, biz buni 2025 yil dasturiga kiritib, o‘zimiz qurib beramiz. Men boshqa chora ko‘rmayapman.
Hozir men xat qilib, viloyat hokimligiga kiritishni aytdim. Agar viloyat budjetidan tuman budjetiga pul tashlab berishsa, [qurilishni] qilsa bo‘ladi. Hozir shuning harakatini qilamiz. O‘zi shunday bo‘ladi-da, tuman budjetida pul bo‘lmasa, viloyat budjetida pul bo‘ladi, ular tashlab beradi”, – dedi u.
Avvalroq Buxoro shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining rekonstruksiyasi oxiriga yetkazilmayotgani ortidan o‘quvchilar sovuq xonalarga o‘qishga majbur bo‘layotgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga oid
10:25 / 12.12.2024
Maktablarda qishki ta’til 29 dekabrdan boshlanadi
14:47 / 04.12.2024
Germaniyada maktabga kechikkan o‘quvchilarga jarima solish boshlandi
13:56 / 04.12.2024
«Bir million dasturchi» loyihasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktabga elektromobil beriladi
22:48 / 03.12.2024