Jamiyat | 18:05 / 27.11.2024
8554
4 daqiqa o‘qiladi

Istiqlol qishlog‘ining tashvishli qishi

Sovuq kunlar bilan qishloq aholisining tashvishli kunlari ham boshlanadi. Farg‘ona viloyati Toshloq tumanining Istiqlol qishlog‘ida ham uylarga allaqachon pechkalar qurilgan. Mo‘rilardan tappi, o‘tin, ko‘mir tutuni burqsiydi. Dalalarda ham ish qizg‘in, fermer xo‘jaligiga g‘o‘zapoya olish uchun ishga kirgan ayollarning ayniqsa qo‘li-qo‘liga tegmaydi.

Loy ko‘chalarda maktabga ketayotgan o‘quvchilar, suv tashiyotgan bolalar, sigir sog‘ayotgan ayol, g‘o‘zapoya o‘rilayotgan dala, non yopayotgan uy bekasi – bularning barchasini qishloqqa kelsangiz ko‘rasiz.

Qishloqda muammo ko‘p bo‘lsa ham baxtliman...

Nargiza Mahmudovaning ikki qizi bor. Turmush o‘rtog‘i yengilsanoat korxonasida ishlaydi. Qishloq ayoli kunlik ishga chiqar ekan.

Nargiza Mahmudova

“Ikki bolam bor. Fermerdan gektar yer olib, paxta terib, g‘o‘zapoyasi uchun ishlaymiz. G‘o‘zapoya yoqib tandirga non yopamiz, uy isitish uchun pechkaga tashlaymiz, ro‘zg‘or uchun ishlatamiz-da.

Erta bahor fermer yeriga ekin ekilgandan keyin yagana, chopiq qilamiz. Bir gektar yer olsak, to‘liq g‘o‘zapoyasini olamiz. Keyin bug‘doy, somon beradi, yer beradi ekib olish uchun. Mol, qo‘ylarga ekin ekib olamiz.

G‘o‘zapoyani iloji boricha tejab yoqishga harakat qilamiz. Tejamasak bahorgacha yetmay qoladi. Tabiiy gaz yo‘q: o‘tin, ko‘mir sotib olamiz. Mollarimiz go‘ngidan yozda tappi tayyorlab, qishga asrab qo‘yamiz. Bir qishda ikki tonna ko‘mir yoqamiz. O‘tin ham sotib olinadi, albatta.

Qishloqda muammo ko‘p-ku, baribir baxtliman. Bolalarim bor, xo‘jayinim ishlaydi. Ro‘zg‘orimiz, kunimiz o‘tib turibdi-yu, shunisigayam shukr. Baxtli oilamiz, iloji boricha yaxshi yashashga harakat qilamiz. Endi yaxshi, baribir, sharoitimiz burungiga qaraganda. Qishloq sharoitiga ko‘nikib bo‘lganmiz-da, hozirgi shu sharoitga.

Yo‘llarimiz asfalsiz, ichimlik suvga qiynalamiz, gaz yo‘q, svet ham o‘chib turadi. Loy ko‘chada bolalar maktabga borib kelishda qiynaladi. “Stolba”larimiz chatoq, sharoitimiz qiyin qishda.

Shaharda yashash yaxshi bo‘lgani bilan qishloq kenglik, baribir qishloq yaxshi-da. O‘zimiz qo‘limiz bilan ekin ekamiz, mevalardan uzib yeymiz.

Bu qishloqqa kelin bo‘lib kelganimga yigirma besh yil bo‘ldi. Xo‘jayinim tekstil fabrikasida oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi, ikki yarim million so‘m oyligi bor. Endi iloji boricha maoshini yetkazishga harakat qilamiz-da, yetmaydi-yu o‘zi.

O‘zim ham kunlik ishga chiqaman-da, ayol bo‘lsam ham baribir ro‘zg‘orga yordam bergani chiqamiz. Harakat qilib kunlik pul topishga, kunlik ishga, o‘t o‘rimga, meva tergani, chopiq chopgani chiqamiz, dalalarda poyalar, makkalar o‘riladi, chopiladi, shunaqa ishlarga chiqamiz. Paxta teramiz. Ro‘zg‘orga, xo‘jayinimizga yordam bergani chiqamiz-da.

Baxt deganda shu oilada tinchlik, yaxshilik, sog‘lik bo‘lishini tushunaman. Sharoitim qiyin bo‘lsa ham, baxtliman. Nogiron odamlar bor, masalan, uy-joyi yo‘qlar bor. Bizning uy-joyimiz bor, sharoitimiz og‘ir bo‘lsa ham, baribir baxtli odamman, baxtli ayolman.

Kuz sovuq kirib kelyapti, endi yashash uchun chiranib kurashish kerak”, – deydi toshloqlik Nargiza Mahmudova.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid