Jahon | 12:01 / 27.11.2024
2071
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqida velosiped ishlab chiqarish hajmi kamayib bormoqda

YeI velosanoatidagi vaziyat COVID-19 tufayli o‘zgardi, pandemiyadan keyin odamlar kamroq velosiped xarid qilishni boshladi.

Foto: AP

Velosiped — ekologik toza, sog‘liq uchun foydali va ko‘pincha boshqa transport turlariga qaraganda qulayroq vosita. Shuning uchun ularga bo‘lgan talab ortishi kutiladi. Ammo Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil bu soha uchun murakkab keldi. Ishlab chiqarish hajmi sohada 2022 yilga nisbatan deyarli chorakka pasayib, 10 milliondan kam yangi velosiped ishlab chiqarildi, deb xabar bermoqda Euronews.

Velomadaniyat Niderlandiya va Skandinaviya mamlakatlarining tashrif qog‘ozi, ammo 2023 yilda ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Yevrottifoqda Portugaliya yetakchi bo‘lgan — mamlakatda 1,8 million dona velosiped ishlab chiqarilgan. Undan keyin Ruminiya (1,5 million dona), Italiya va Polsha turadi. Yevrostat hisobotiga kiritilgan 17 davlatdan 14 tasida ishlab chiqarishning pasayishi qayd etilgan, bunda eng sezilarli kamayish Ruminiyada kuzatilgan. Mamlakatda avvalgi yilga nisbatan bir million dona kam velosiped ishlab chiqarilgan.

Soha mutaxassisi Mayk Defresnening fikricha, sektordagi vaziyatni pandemiya o‘zgartirib yubordi. Kovid cheklovlari sharoitida velosiped kamdan-kam holatda dam olish vositasiga aylandi. Yevropa Ittifoqida 2020 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda velosiped savdosining o‘sishi asosan karantin oqibatlari bilan bog‘liq edi. Biroq pandemiyadan so‘ng odamlar kamroq xarid qilishni boshladi.

 “Do‘konlar katta miqdorda buyurtma berishni davom ettirgan bo‘lsa-da, ilgarigidek talab yo‘q edi”, — deb ta’kidladi Defresne.

Bugungi kunda Yevropa velosanoati taxminan 1000 ta kichik va o‘rta korxonalarni o‘z ichiga oladi, ular bir million ish o‘rni bilan ta’minlamoqda. Mutaxassislar ishlab chiqarishning davomiy pasayishi ishdan bo‘shatishlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Shaharlarda velosiped tashabbuslari orqali odamlarni rag‘batlantirish vaziyatni yaxshilashga yordam berishi mumkin”, — dedi u.

Defresne Yevropa Ittifoqida imzolangan velosipeddan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash va velosiped sanoatini rivojlantirish to‘g‘risidagi deklaratsiya ham yordam berishiga umid qilmoqda. Hujjat maqsadi yo‘llardagi avtomobillar sonini kamaytirishdan iborat.

Mavzuga oid