Jahon | 15:14 / 28.11.2024
4210
4 daqiqa o‘qiladi

GFR razvedka xizmati rahbari: Rossiya G‘arb bilan urushga tayyorlanmoqda

Rossiya G‘arb davlatlari bilan haqiqiy harbiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda, biroq bundan oldin NATO a’zolari o‘rtasida tarqoqlik yaratishga harakat qilishi mumkin, deb hisoblaydi Bruno Kal.

Bruno Kal Foto: Sean Gallup / Getty Images

Rossiya G‘arb davlatlari bilan haqiqiy harbiy qarama-qarshilikka tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda, biroq bundan oldin Shimoliy Atlantika alyansi (NATO) a’zolari o‘rtasida tarqoqlik yaratishga urinishi mumkin, deydi GFR Federal razvedka xizmati (BND) prezidenti Bruno Kal. Rossiyaning to‘liq miqyosli hujumi oldidan NATO nizomining mustahkamligini sinash uchun mo‘ljallangan mahalliy amaliyotlar amalga oshiriladi, dedi Kal 27 noyabr, chorshanba kuni Germaniya tashqi siyosat jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda so‘zlagan nutqida.

Gap shundaki, Moskva mudofaa ittifoqi nizomining 5-moddasida mustahkamlangan NATO a’zolariga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatlarini buzishga harakat qiladi. Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari NATO davlatlaridan biri uchun qanday qilib «favqulodda vaziyat» yaratishni ko‘rib chiqmoqda, bunda alyansning boshqa a’zolari «tegishli munosabat bildirmaydi». Misol tariqasida, BND rahbari Norvegiyaning Shpitsbergen arxipelagiga «hududiy tozalash» maqsadida «qisqa muddatli hujum» ehtimolini keltirdi. Rossiya Shpitsbergenda alohida huquqlarga ega, biroq ayni paytda Osloning arxipelagdagi xorijliklarga nisbatan siyosati so‘nggi yillarda qat’iylashdi.

Bruno Kalning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi mahalliy aralashuvining yana bir imkoniyati - mahalliy rusiyzabon ozchiliklarni himoya qilish bahonasida Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan to‘qnashuvdir. Agar bunday mojarolarda NATO Nizomining 5-moddasi qo‘llanmasa, NATO mudofaa ittifoqi sifatida barbod bo‘ladi – bu Rossiya Federatsiyasi tomonidan ko‘zlangan maqsad, deb hisoblaydi BND rahbari. «Agar yordam va’dasi samarasiz bo‘lsa, Rossiya tajovuzkor kuch siyosati orqali Yevropada o‘z ta’sirini kengaytirishi mumkin», — deya ogohlantirdi u.

Germaniya razvedka xizmati rahbari RFdan kelayotgan harbiy xavfga ishora qildi

Federal razvedka xizmati (BND) rahbari Bruno Kal Rossiyadan kelayotgan ehtimoliy harbiy tahdidga ishora qildi. 14 oktyabr kuni u Germaniya Bundestagining razvedka xizmatlari faoliyatini monitoring qilish qo‘mitasi oldida so‘zlagan nutqida: «Eng kamida shu o‘n yillikning oxirida Rossiya qurolli kuchlari NATOga hujum qila oladi», dedi.

Kalning so‘zlariga ko‘ra, «Kreml Germaniya Federativ Respublikasini dushman deb biladi». «Biz Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatdamiz», — deya ta’kidladi u va Germaniya Rossiyaning tajovuzidan o‘zini himoya qilish uchun Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordam miqdori bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda ekanligini ta’kidladi. Germaniya razvedka xizmati rahbari nuqtayi nazariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun gap nafaqat Ukraina , balki «aslida yangi dunyo tartibini yaratish haqida ketyapti».

Mavzuga oid