Yangiyo‘lda bir oilaning 5 a’zosini o‘ldirgan shaxs umrbod ozodlikdan mahrum qilindi
29 yoshli erkak javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish, qabrni tahqirlash, bosqinchilik hamda mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish jinoyatlarini sodir etishda aybli deb topilgan. Sud hukmiga ko‘ra, u tayinlangan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini maxsus tartibli koloniyalarda o‘taydi.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida sodir etilgan jinoyat – bir oilaning 5 a’zosi o‘ldirib ketilishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun Toshkent viloyat sudida 1995 yil Namangan viloyatida tug‘ilgan Z.S.ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan. Jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi B.Roziqov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmi bilan Z.S. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (Javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) “a, v, j, z, i” bandlari, 118-moddasi (Nomusga tegish) 1-qismi , 134-moddasi (Qabrni tahqirlash), 164-moddasi (Bosqinchilik) 3-qismi “v, g” bandlari va 173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi bildirilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 26 iyul kuni Yangiyo‘l tumanidagi xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘lgan. Xonadonni ko‘zdan kechirish davomida 5 nafar - 1991 yilda tug‘ilgan erkak, 1999 yilda tug‘ilgan ayol, 2021, 2022 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bola va 2018 yilda tug‘ilgan qizning murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan. Keyinchalik ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlangan shaxs protsessual tartibda ushlangani xabar qilingandi. 29 yoshli gumondor qurbon bo‘lgan oilaning qarindoshi bo‘lgan.
Mavzuga oid
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024
Moskvadagi harbiy sud terrorizm bo‘yicha deyarli barcha ishlarni yashirdi
17:49 / 06.12.2024