Jahon | 16:28 / 30.11.2024
965
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda inson faoliyati tufayli dengiz va okeanlarda 50 ming sutemizuvchi nobud bo‘ldi

Ko‘p hollarda dengiz jonivorlari kemalar bilan to‘qnashish natijasida halok bo‘ladi yoki jarohatlanadi.

Foto: DPA / TASS

“Kitlarni himoya qilish fondi” ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil okean va dengiz suvlarida inson faoliyati tufayli 50 000 dan ortiq sutemizuvchilar, jumladan, 25 000 ga yaqin kitsimonlar nobud bo‘lgan. Bu haqda “Kitlarni himoya qilish fondi” vakillari Forbes nashriga xabar berdi. Tadqiqotchilarning fikricha, bu raqamlar dengiz hayvonlarini muhofaza qilish zonalarini kengaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

Kitlarning eng zaif populyatsiyalarini (finvallar, bukri kitlar, Grenlandiya kitlari va kashalotlar) himoya qilish uchun hayvonlarning kemalar bilan to‘qnashuvi oqibatlarini yumshatish choralari ko‘rilishi zarur, deb ta’kidladi tashkilot. Bularga dengiz sut emizuvchilari yashaydigan joylarda kemalar tezligini kamaytirish, kema qatnovlari yo‘nalishini biroz o‘zgartirish, dengiz yo‘llarini sinchkovlik bilan kuzatish va boshqa choralar kiradi.

 “Odatiy yo‘llarda hayvonlarni urib yuborish — qayg‘uli manzara. Lekin okeanlarda ham shunday o‘n minglab “urilgan” hayvonlar borligini bilasizmi? Kemalar bilan to‘qnashish natijasida dengiz hayvonlari – kitlar, delfinlar, dengiz cho‘chqalari va boshqa sutemizuvchilarning tasodifiy halok bo‘lishi yoki jarohatlanishini ifodalaydigan maxsus atama ham bor – ocean roadkill ”, — dedi fond rahbari Vasiliy Borisov.

Tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, okean maydonining kamida 2,6 foiziga qo‘shimcha himoya choralarini joriy etish orqali hayvonlarning nobud bo‘lish xavfini sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Bu choraning asosini kema yo‘nalishlarida qoidalarni takomillashtirish tashkil etadi.

Mavzuga oid